09:09 / 30.11.2015
14995

Qanday qilib Samarqandda yonib ketgan masjid binosi ikki kunda qayta tiklandi?

2015 yilning 23 noyabr kuni Samarqand shahridagi “So‘zangaron” mahallasida joylashgan Xoja Nisbatdor masjidi hududida yong‘in sodir bo‘lgan edi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Axborot xizmatining ma'lumotiga ko‘ra, yong‘inga masjid yonidagi savdo do‘konida elektr simlari tutashuvi sabab bo‘lgan.

Xabarda keltirilishicha, shamol natijasida yong‘in alanga olib, masjid ayvonining peshtoq qismiga o‘tgan. Ko‘ngilsiz holat tuman yong‘in xavfsizligi xodimlari tomonidan tezda bartaraf qilindi.

“Masjidning ayvon qismi yong‘indan biroz zarar ko‘rgan. Yong‘indan zarar ko‘rgan joy O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilligi tomonidan qisqa muddat ichida ta'mirlandi. Masjid binosining asosiy qismiga yong‘in o‘z ta'sirini o‘tkazmaganligi bois, mahallada yashovchi aholi besh vaqt namozlarini ushbu masjidda ado etishmoqda”, - deyiladi xabar yakunida.

Biroq samarqandlik bloger Toshpo‘lat Rahmatullayev vaziyat aslida boshqacharoq ekani to‘g‘risida yozmoqda. “Vaziyatdan boxabar kishilar hayron bo‘lishmoqda: noto‘g‘ri axborot kim uchun kerak, bundan kimga foyda? Butunlay vayron bo‘lgan 500 kv. metr maydonni egallagan binoni ikki kunda qayta tiklash mumkinmi?”, deb yozmoqda bloger.
Uning ta'kidlashicha, “aholi uchun masjidni ochish”ning hech qanday zaruriyati yo‘q, chunki u yopilmagan. Gap shundaki, XIX asrda qurilgan asosiy bino yong‘indan zarar ko‘rmagan. Ibodatlar hodisa sodir bo‘lgan kun – 23 noyabrda ham ado etilgan.

Yong‘in yangi va eski binolar chegarasiga yetganida bartaraf etilgan. Biroq o‘t o‘z ishini qilgan. U 2008-2010 yillarda namozxonlar kuchi bilan qurilgan masjidning yangi binosini yo‘q qildi. Bloger: “biroq shunga qaramasdan, Xudoning qudrati bilan masjidning tarixiy ahamiyatga ega eski binosi bus-butun va shikast yemagan holda qoldi”, - deya 27 noyabr kuni tasvirga olingan suratlarni taqdim etgan. Ulardan ko‘rinib turibdiki, yangi binodan hech narsa qolmagan. “Qisqa muddat ichida qayta tiklandi”, - deyish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”.

Blogerning yozishicha, Xoja Nisbatdor masjidi 1893 yilda bunyod etilgan. O‘tgan asrning 30- yillaridan boshlab uning boshiga Sobiq Ittifoq davridagi ko‘plab diniy maskanlar kuni tushdi. Masjid binosi kimyoviy o‘g‘itlar omborxonasiga aylantirildi. Shundan so‘ng qisqa muddat mahalla choyxonasi, keyin esa pochta bo‘limiga topshirildi. 1991 yilning aprelidagina ta'mirlanib, restavratsiya qilinganidan so‘ng masjid binosidan asl maqsadda foydalanila boshlandi.

Top