15:07 / 01.12.2015
4968

Germaniya hukumati IShIDga qarshi kurash uchun 1,2 ming askar jo‘natmoqchi

Germaniya hukumati Suriya hududidagi IShID jangarilariga qarshi kurash uchun o‘z harbiylarini yuborish haqidagi loyihani ma'qulladi. Bu haqda hukumatdagi o‘z manbasiga asoslangan holda Reyter nashri xabar bergan.

Spiegel ma'lumotiga ko‘ra, Germaniya Suriyaga IShID jangarilariga qarshi kurash uchun 1200 kishidan iborat harbiy bo‘linma jo‘natadi. Bu tashabbus amalga oshgan taqdirda Suriyadagi kontingent Germaniyaning mamlakat tashqarisidagi eng yirik kuchiga aylanishi mumkin.

Quyi palatada bu loyiha 2 dekabr kuni ovozga qo‘yiladi.

IShIDga qarshi kurash uchun Germaniya xazinasidan 134 mln yevro sarflanadi. Hozircha bu missiya 1 yil uchun mo‘ljallangan, ammo uzaytirilishi mumkin.

Bloomberg nashri xabariga ko‘ra, Germaniya Suriyadagi harbiy amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun "Tornado" samolyotlari, fregat va yoqilg‘i quyuvchi samolyotlar ham yuboradi.

Noyabr oyi oxirida Germaniya kansleri bundesverning Suriyadagi harbiy amaliyotlarga qo‘shilishi IShIDga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi haqida aytgandi.

Suriyadagi jangarilarga qarshi Rossiya shu yilning 31 sentabr kunidan boshlab amaliyotlar o‘tkazib kelmoqda.

AQSh boshchiligidagi koalitsiya esa 2014 yilning kuzidan buyon Suriya va Iroqda IShIDga qarshi havodan zarbalar berib kelmoqda.

Top