20:42 / 01.12.2015
13059

Mashhur rejissyor Eldar Ryazanov faoliyatiga nazar

30 noyabrga o‘tar kechasi Moskvadagi kasalxonalardan birida mashhur rus rejissyori Eldar Ryazanov 89 yoshida olamdan ko‘z yumdi.

Rejissyordan har biri xit darajasiga yetgan 30ga yaqin film qoldi.
Ryazanovning aksariyat filmlaridagi iqtiboslar xalq orasida keng ommalashgan, uning bundan qirq yil ilgari olingan filmlari hozirda ham sevib tomosha qilinadi.

«Karnaval tuni» filmidan

1956 yilda ekranlarga chiqarilgan «Karnaval tuni» musiqali komediyasi Eldar Ryazanovning birinchi badiiy filmi hisoblanadi.

Badiiy kengash filmning xomaki nusxasini ko‘rib uni «zerikarli va bema'ni» deb atagan bo‘lsa-da, kartina o‘sha davrlar uchun o‘ta yuqori muvaffaqiyatga erishdi: filmga 48 milliondan ortiq chipta sotildi. «Karnaval tuni»da bosh rollardan birini ijro etgan yosh aktrisa Lyudmila Gurchenko tanqidchilarning aytishlaricha, bir soatda yulduzga aylandi.

«Gusar balladasi» filmidan

«Gusar balladasi» filmi Borodino jangining 150 yilligiga bag‘ishlab suratga olingan bo‘lib, uning premerasi 1962 yilning 7 sentabrida bo‘lib o‘tgan.
Larisa Golubkina ijro etgan Shurochka Azarova roliga (bu uning kinodagi ilk roli edi) Svetlana Nemolyayeva va Alisa Freyndlixlar ham sinovdan o‘tishgandi.

«Avtomobildan saqlaning» filmidan

1966 yili tomoshabinlar e'tiboriga Emil Braginskiyning «Avtomobildan saqlaning» povesti asosida suratga olingan shu nomli film havola etildi.

Rejissyorning xotirlashicha, hikoyaga «sotsialistik mulk o‘g‘rilari»ning mashinalarini o‘g‘irlab sotib, pulini bolalar uylariga o‘tkazadigan «xalq Robin Gudi» haqidagi xalq orasidagi mish-mishlar asos qilib olingan.

«Italiyaliklarning Rossiyadagi antiqa sarguzashtlari» filmining suratga olinish jarayoni

1973 yilda Eldar Ryazanov va Franko Prosperi tomonidan suratga olingan «Italiyaliklarning Rossiyadagi antiqa sarguzashtlari» filmi italyancha talqinda «Rossiya bo‘ylab bir telbalarcha, telbalarcha, telbalarcha poyga» – Una matta, matta, matta corsa in Rusia deb nomlanadi.

Aytishlaricha, prodyuser Dino di Laurentis Ryazanov-Braginskiy juftligi tomonidan yozilgan ssenariy bilan tanishib chiqqach, uni italyan tomoshabinlari ko‘rishni istamaydigan safsata degan.

Di Laurentisning talabi bilan Ryazanov filmda turli tryuklar va sher ishtirok etgan ssenariyni tayyorlagan.

Ryazanov o‘z filmlarida epizodik rollarni o‘ynashni yoqtirgan. «Italiyaliklarning Rossiyadagi antiqa sarguzashtlari» filmida u muzlab qolgan mafiyachining boshidan muzni ko‘chiradigan doktor obrazini ijro etgan.

Filmdagi dialogdan:
— Nima, siz mening kelib chiqishim rus ekanligini bilmaysizmi?
— Yo‘g‘-ye?
— Nima, sezilmayaptimi?
— Judayam sezilyapti! Sizning ukraincha lahjangiz qoyilmaqom ekan!

«Taqdir hazili yoki qushdek yengil bo‘ling!» filmini suratga olish jarayoni

«Taqdir hazili yoki qushdek yengil bo‘ling!» (1975) filmi eng ommabop filmlardan hisoblanadi.

Film 1969 yilda yozilgan va turli teatrlarda qo‘yilgan «Qushdek yengil bo‘ling! Yoki yangi yildagi tun» pesasi asosida suratga olingan.

Film qahramonlari Brylskaya va Myagkov ijrosidagi qo‘shiqlarni Alla Pugachyova va Sergey Nikitin kuylagan. Eldar Ryazanovning o‘zi filmda uxlayotgan Lukashin hadeb ustiga munkib ketadigan samolyotdagi yo‘lovchi rolini o‘ynagan.

Filmdagi dialogdan:
— Yo‘q, men jiddiy aytyapman. Bizda o‘z fikriga ega bo‘lish juda qiyin. Birdan u noto‘g‘ri bo‘lib chiqsa-chi? Shifokorlarning xatosi odamlarga qimmatga tushadi.
— Ha… O‘qituvchilarning xatolari sezilmaydi, lekin oxir-oqibat bu xatolar odamlarga qimmatga tushadi.

«Ishdagi ishq»

1977 yilda ekranlarga chiqarilgan «Ishdagi ishq» filmi 1971 yilda Eldar Ryazanov va Emil Braginskiy tomonidan yozilgan «Hamkasblar» pesasining ekranlashtirilgan talqinidir.

«Ishdagi ishq» filmida qo‘shiqlarni Andrey Myagkovning o‘zi kuylagan.

«Agar statistika bo‘lmaganida, biz qanchalik yaxshi ishlayotganimizni bilmagan ham bo‘lardik», — deydi film bosh qahramoni Anatoliy Yefremovich Novoseltsev.

«Garaj» filmidan

1979 yilda chiqqan «Garaj» filmi hayotiy voqealarga asoslangan. Unda garaj kooperativining yig‘ilishida qatnashayotganlarning qaysi birini garajdan mahrum qilish haqidagi majlis yoritiladi.

Filmdan iqtibos:
— Nima bilan shug‘ullanyapsan, aspirant? Kumush turnani o‘rganyapsanmi, u chet elda yashaydi... Osmondagi bu turna bizning qushimiz emas.
— Kumush turna — qora qush. U gazeta o‘qimaydi, shuning uchun o‘zining biznikimi yoki kapitalistlarnikimi ekanligini bilmaydi.

«Ikki kishilik vokzal» filmidan

«Ikki kishilik vokzal» filmida bosh rollarni Oleg Basilashvili va Lyudmila Gurchenko o‘ynagan.

Kartina 1983 yilgi Kann kinofestivalining rasmiy tanlov dasturida qatnashgan.

«Fleyta uchun unutilgan kuy» filmidan

1987 yilda chiqarilgan «Fleyta uchun unutilgan kuy» filmi «Axloqsiz voqea» pesasi asosida suratga olingan. Bosh rollarni Leonid Filatov, Tatyana Dogileva va Irina Kupchenko ijro etgan.

Ryazanov o‘zi haqida:
«Men inson har doim o‘zligicha qolishi va nimani lozim deb topsa shuni qilishi kerak deb hisoblayman. Har bir kishi agarda o‘zligi bo‘lsa, o‘sha o‘zligini namoyon etishi lozim».

Top