10:03 / 01.12.2015
42742

Samarqandda shifokorlar aybi bilan komaga tushib qolgan yosh ona 4 oydan buyon hushiga kelgani yo‘q

Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyatidan maktub keldi. E'tiboringizga mazkur xatning to‘liq matnini havola etmoqdamiz. Umid qilamizki, tegishli mutasaddi tashkilotlarning respublika darajasidagi rahbarlari ushbu holat bo‘yicha nazoratni shaxsan zimmasiga olib, to‘rt oydan buyon davom etib kelayotgan muammoga yechim topishadi.
“Aslida bu haqda yozish, xotirlash, o‘tgan kunlarni ko‘z oldimizga keltirish biz uchun juda og‘ir. Biz ham mayli, mana, besh oydirki, jonu tani azobda yotgan 24 yoshli singlimga esa...

Voqeani qisqacha bayon eta qolay. Singlim Usanboyeva Muborak (26.06.1991 yilda tug‘ilgan) shu yil 3 iyul kuni birinchi farzandini dunyoga keltirish uchun Samarqand viloyati Jomboy tumani markaziy shifoxonasining tug‘ruq bo‘limiga o‘z oyog‘i bilan yurib, odatiy to‘lg‘oq bilan boradi. Bir kun tug‘olmay azob chekadi. Ertasiga 4 iyul kuni shifokorlar “Homila boshi ona chanog‘iga disproporttsiyasi, yirik homila” tashxisi bilan soat 13:20da shoshilinch ravishda operatsiyaga olishadi.

Kesarcha kesish vaqtida singlimning o‘pkasi teshiladi va komaga tushadi. Buni birinchi shifokorlar “Lidokain pereparatiga reaksiya” deb, keyin “O‘pkaga suv ketib qolibdi”, undan so‘ng “O‘pkasi asli kasal bo‘lgan”, oxiri esa “Bullyoz kasalligi” deya izohlashdi.

Xo‘p, singlimning o‘pkasi kasal ekan, nega ular operatsiyadan avval chora ko‘rishmadi? Nima uchun zarur tekshiruvlardan o‘tkazishmadi? Nega shoshilinch operatsiya qilishdi? Vaholanki, singlim tug‘ruqxonaga bir kun oldin kelgandi-ku! (Qon yoki suv ketib kelgan bo‘lsa ekanki, shoshilinch operatsiyaga olishsa!)

Singlimning o‘pkasi kasal emasligi ko‘p o‘tmay isbotlandi. (Bu shundoq ham ma'lum edi. Chunki singlim sportchi bo‘lgan). O‘pkasining rentgen qog‘ozlarini Samarqand viloyati sil kasalliklari shifoxonasiga aniqlik kiritish uchun Jomboy tumani shifoxonasi shifokorlarining o‘zlari yuborishdi. U yerda “Hech qanday kasallik alomatlari yo‘q, o‘pka zo‘riqqan”, degan xulosani berishgan.

O‘shanda bizni hech qanaqa xulosa qiziqtirgan emas. Faqat singlimni asrab qolishni o‘ylaganmiz. Singlimning holatida hech qanaqa o‘zgarish bo‘lavermagani bois, biz O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “Onalik va bolalikni muhofaza qilish” bosh boshqarmasiga murojaat qildik.

Xullas, singlim 27 iyulga qadar sun'iy nafas beruvchi apparat orqali yashab turdi. Asta-sekin o‘zi nafas oldi. Ammo hamon o‘ziga kelmasdi. Oxiri “Onalik va bolalikni muhofaza qilish” bosh boshqarmasi boshlig‘ining taklifi bilan singlimni 5 avgust kuni Samarqand shahar shifoxonasiga ko‘chirdik.

Sog‘lom vaqtida

Tug‘ruqdan keyin

Samarqand shahar shifoxonasida o‘ndan oshiq malakali shifokorlar ishtirokida konsilium o‘tkazildi va singlimga “apalik sindrom” (Bosh miya po‘stlog‘i funksiyasining buzilishi natijasida kelib chiqadigan inson holati bo‘lib, his etish funksiyasining yo‘qolishi hamda barcha narsaga nisbatan sezuvchanlikning yo‘lishi bilan xarakterlanadi. – Kun.uz izohi) degan tashxis qo‘yildi.

Lekin Jomboy tumani shifokorlarining bizga “18 kunda o‘ziga keladi", "21 kunda o‘ziga keladi", "Bir oyda o‘ziga kelishi mumkin”, degan aldovlariga ishonib yurganimiz sababli singliming holati o‘nglanishiga umid qilardik.

Ammo “apalik sindrom” nimaligini bilgach, jim turolmadik va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga (27.08.15da) hamda Samarqand viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasiga (24.08.15da) shikoyat arizasi bilan murojaat qildik. Aynan bu joylarga yozishimizda tezroq sabab aniqlanib, tezroq chora ko‘rilarmikan, degan maqsad bor edi.

Afsuski, mana bugun sana 1 dekabr bo‘ldi hamki, shikoyat ariza bilan murojaat qilgan onam na bir enlik javob xati oldi, na birorta gap.

Bilganimiz, xatni ko‘rib chiqish haqidagi maktub Bulung‘urga — o‘zimizning uchastka nozirimizga borgan (aslida hududiyligi jihatidan Jomboy tumaniga yuborilishi lozim edi) va onam tushuntirish xati yozib bergan.

Ammo hamon biror xat-xabar, natija yo‘qligi bois, men 16 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi IIVga telefon qildim. Ular xat Samarqandga yuborilganini aytishdi. O‘sha kuniyoq SamIIBB bilan bog‘landim. Ular “Javob xati kelgan. O‘zimiz qo‘ng‘iroq qilib aytamiz”, deya telefon raqamimni olib qolishdi. Uch kun kutdim va 19 noyabr kuni yana bog‘landim. “Sizga ijrochining o‘zi xabar beradi, telefon raqamingizni qoldiring”, deyishdi yana.

Kuta-kuta to‘rt kun o‘tgach, tag‘in telefon qildim. Yana o‘sha gap...
Oxiri 27 noyabr kuni soat 10:22da SamIIBB ishonch telefoniga (233-00-00) qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni batafsil tushuntirdim. Buni qarangki, yana telefon raqamimni so‘rab, xabar berishlarini bildirishdi.
Mana, hamon ulardan qo‘ng‘iroq kutyapman...

Aytmoqchi bo‘lganim, besh oy avval komaga tushgan va hamon to‘liq o‘ziga kelmagan, nogiron bo‘lib qolgan singlimning taqdiri bilan bog‘liq shikoyat arizasi hamon ko‘rib chiqilib, bizga biror xabar aytilmadi. Singlimning hushi o‘zida emasligi va gapira olmasligi sababli, ariza onam tomonidan yozilgan, ko‘rganlar befarq bo‘lmasin, degan niyatda suratlarini ham ilova qilganmiz.

Nahotki, fuqarolarning murojaatlar shunchalik uzo-o-o-o-q (4 oy) ko‘riladi? Shu qadar befarqlik bilan qaraladimi, yo? Murojaatlar uzog‘i bilan bir oy muddatda ko‘rib chiqilmasmidi? (O‘ZBeKISTON ReSPUBLIKASINING FUQAROLARNING MUROJAATLARI TO‘G‘RISIDA QONUNI, III-BOB, 17-18-MODDALAR)

Nahotki, “Keksalarni e'zozlash yili”da, keksalarga yuksak e'tibor qaratilayotgan bir davrda bir keksa onaxonning ko‘zlarida yosh bilan yozgan arizasiga shu tarzda munosabat bildiriladi?
Biz qonun ustuvor yurtda yashamayapmizmi? Aynan biz murojaat qilgan tashkilot bu borada o‘rnak bo‘lishi lozim emasmi?
Nahotki, tug‘ruqxonaga o‘z oyog‘i bilan borib, nogiron bo‘lib chiqqan yosh ona taqdiri hech kimni qiziqtirmaydi? Onasining holati sabab, ham ona sutidan, ham mehridan mosuvo o‘sayotgan go‘dak taqdir-chi?

Yurtimizda aynan ona va bolaga katta e'tibor qaratilayotgan, ularning salomatligi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotgan bir paytda, ushbu olib borilayotgan islohotlarga qarshi qadam qo‘yish emasmi, bu?

Yurtboshimiz aynan ona va bola taqdiriga befarq bo‘lmaslik haqida mustaqillikka erishganimizdan buyon kuyinib gapirib kelmayaptimi?

Buning bir namunasini 1999 yil — “Ayollar yili”, 2000 yil — “Sog‘lom avlod yili”, 2001 yil — “Onalar va bolalar yili”, 2010 yil — “Barkamol avlod yili”, 2014 yil — “Sog‘lom bola yili” deb e'lon qilishida ham ko‘rish mumkin-ku, axir!

Endi o‘ylab qarang, birgina singlim taqdiri misolida bu islohot va e'tiborlar oyoqosti qilinmayaptimi?
Chunki loqaydlik, o‘z vazifasiga mas'uliyatsizlik tufayli bugun 24 yoshli yosh ona va uning 5 oylik farzandi taqdiri bilan bog‘liq arizaga hamon biror xulosa berilmayapti. Ne umidlarda murojaat qilgan keksa onaxonning ohu faryodlariga esa quloq tutilmayapti.

Bu munosabatlardan keyin yana qaysi tashkilotning eshigini ishonch bilan taqillatish mumkin?
Shikoyat arizamiz ko‘riladimi-yo‘qmi, haqiqat qanday qaror topadi, men buni bilmayman. Ammo men bilgan haqiqat shu: singlim tug‘ruqxonaga o‘z oyog‘i bilan sog‘lom kirib borgan va sog‘lom 4,7 kg. bolani dunyoga keltirgan! Shifoxonadan esa nogiron bo‘lib chiqdi: o‘tirolmaydi, yurolmaydi, gapira olmaydi, fikrlay olmaydi, hatto o‘zi ovqatlana olmaydi ham! Mana shu — HAQIQAT!

Tasodifan internet sahifalarida ko‘rib qoldim. Donorlar o‘z tana a'zolarini (bitta buyragi, jigarining ma'lum qismi) 380.000-400.000 u.ye. ga baholasharkan.
Xo‘sh, singlimning ishlab turgan qo‘l-oyog‘i qiymati qancha edi? Operatsiya chog‘ida teshilgan o‘pkasining bahosi-chi? Miyasi, ongi-chi? Zaboni-chi?
Insonni hayvondan farqlab turuvchi ongning bahosi qancha bo‘larkan? Bahosi bormikan, o‘zi?

Koma tufayli ongu shuuridan ayrilgan inson hayoti qanchaga baholanadi?
Ona sutining narxi bormi? Mehrining-chi? Axir aynan operatsiyadan so‘ng bugun singlimning go‘dagi mana shu ikki bebaho ne'matdan mosuvo o‘syapti-ku!
Bularning hammasi uchun kim javob beradi?

Men yanayam, farzandi va rafiqasi ahvolidan ruhiy zarba olgan kuyovimiz, qizi va nevarasi holidan ezilayotgan keksa onam va singlimning qaynonasi holidan gapirmadim...

Nargiza USANBOYeVA,
Samarqand viloyati Jomboy tumani
Top