00:05 / 01.12.2015
21086

Turkiya deputatlari Rossiya sanksiyalaridan ko‘rilajak ziyonlarni hisoblab chiqishdi

Turkiya parlamentining Xalq-respublika partiyasining bir guruh deputatlari Antaliya viloyatida Rossiya sanksiyalaridan ko‘riladigan zarar 6,5 mlrd dollarni tashkil qilishi mumkinligini aytdilar, deb xabar bermoqda Hurriyet Daily News nashri.

Antaliya shahrining sobiq meri, deputat Mustofo Oqoydin 30 noyabrdagi matbuot-anjumanida viloyat Rossiya bilan munosabatlarning keskinlashgani sababli sayyohlik sohasida 6 mlrd va qishloq xo‘jaligi sohasida 500 mln dollar yo‘qotishini aytdi. U ikki tomonlama munosabatlardagi inqirozni zudlik bilan tartibga solish kerakligini aytdi.

Oqoydin, shuningdek, G‘oziposha shahridagi ulgurji oziq-ovqat bozorining yopilganini ma'lum qildi, Uning aytishicha, davlat me'yoridan ortiqcha meva va sabzavotlarni kam ta'minlanganlarga ulashib berishi mumkin. Deputatning ta'kidlashicha, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari Rossiyaga uchinchi davlatlar orqali eksportni davom ettirish va o‘z mahsulotlarini o‘tkazish uchun yangi bozorlarni qidirishga umid bildirmoqdalar.

Antaliyaning sayyohlik biznesi shu yilning o‘zida Rossiyadan sayyohlarning kelishi pasayib ketgani tufayli chorak qismicha zarar ko‘rdi, deb aytdi Turkiya savdo-sanoat palatasi rahbari Chetin Osmon Budak. Uning aytishicha, inqiroz butun Turkiyani qamrab oladi.

“Turkiyaning Rossiyaga eksporti daromadlari 6 mlrd dollarni, sayyohlikdan 7 mlrd dollarni tashkil qilgan. Ikki davlat o‘rtasida buyumlar savdosi yaxshi rivojlangan. Uning miqdori 2014 yilda 6 mlrd dollarni tashkil qilgan. Agar Rossiya bilan inqiroz keskinlashsa, Turkiyaning ziyoni yiliga 20 mlrd dollarni yoki yalpi ichki mahsulotning 3 foizini tashkil qiladi”, deb aytdi Budak.

Top