18:37 / 02.12.2015
2854

Britaniyalik pensioner mas'uliyatsizligi uchun Apple kompaniyasini sudga berdi

Britaniyalik 68 yoshli pensioner Derik Uayt Apple kompaniyasiga qarshi sudda g‘olib chiqdi. Kompaniya do‘koni xodimlari hech qanday ogohlantirishlarsiz uning telefonidagi barcha ma'lumotlarni o‘chirib tashlagan. Bu haqda Evening Standard gazetasi xabar bermoqda.

The Sun nashrining izoh berishicha, qurilmada 15 yil davomida yozib borilgan telefon raqamlari bo‘lgan. Fotosuratlar, ayniqsa, Uayt uchun juda qadrli edi. Telefonda erkak uchun muhim xotiralar jamlangan bo‘lib, bunga toshbaqaning uning qo‘lidan tishlab olgani videosini, Afrika safarisiga bo‘lgan sayohat fotosuratlarini misol qilish mumkin.

Uayt suddan 5 ming funt sterling miqdoridagi moddiy zarar talab qildi. U bu pullarga rafiqasi bilan yana bir asal oyini o‘tkazishga qaror qilgan edi. Chunki rafiqasi bo‘lgan voqeani eshitib yig‘lab yuborgan va qattiq siqilgan.

30 noyabr kuni sud qariyaning talabini qondirdi, ammo to‘liq hajmda emas. Moddiy zarar miqdori 1200 funtni tashkil etdi, shuningdek, Apple qariyaning 800 funtdan iborat yuridik xarajatini ham qoplab bergan.

Top