10:29 / 02.12.2015
8732

Ekspert: O‘zbekistonda zilzilaning maksimal magnitudasi 6.5 balldan oshmaydi

So‘nggi paytlarda mintaqaning turli hududlarida zilzilalar sodir bo‘ldi. Birgina shu oyning o‘zidayoq bir necha bor yer silkinishi kuzatildi. Bu holat hech kimni befarq qoldirmadi. Hatto yaqinda kuchliroq zilzila sodir bo‘lishi mumkinligi haqida xavotirli mishmishlar tarqaldi.

Shularga aniqlik kiritish maqsadida “Oila davrasida” gazetasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari nomzodi Ulfat Nurmatovga murojaat qildi.

“O‘zbekiston seysmik faol hududlar sirasiga kirgani, tektonik jarayonlar muntazam bo‘lib turishi bois bu tabiiy hol, - dedi mutaxassis. – Aslida magnitudasi 3-5 ga teng zilzila har hafta 5-6 martalab qayd etilishi ham mumkin. Uning kuchi kam bo‘lgani uchun zilzila odamlarga sezilmaydi. Lekin yaqinda, aniqrog‘i, joriy yilning 26 oktabr kuni ro‘y bergan yer qimirlashi biroz kuchliroq bo‘ldi. Buning sababi zilzila o‘chog‘i hisoblangan Afg‘onistonda u nihoyatda chuqur edi. Zilzila o‘chog‘i qanchalik tubda bo‘lsa, u atrofga shunchalik keng tarqaladi. Agar yuzada bo‘lsa, ta'siri kamroq bilinadi”.

“Hozir qayerda, qanday kuchdagi yer silkinishi ro‘y berishi haqida yetarlicha ma'lumot bor. Bu puxta o‘rganilgan, - so‘zida davom etdi Nurmatov. – Unga ko‘ra, respublikadagi hududlar seysmik tumanlashtiriladi. Bundan tashqari, hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, aholisi 5 ming kishidan ortiq bo‘lgan punktlarni ham seysmik mikrotumanlashtirish masalasi ustida ish olib borilmoqda. Bu o‘sha hududda qurilish ishlarini necha balli zilzilaga bardoshli qilish lozimligiga amaliy qo‘llanma sifatida yordam beradi. Qaysidir joy 4, 5 yoki 6 ballga moslashtiriladi”.

Shuningdek, u O‘zbekistonda mumkin bo‘lgan eng kuchli zilzila magnitudasi 6.5 balldan oshmasligini ta'kidlab o‘tdi: “Ilmiy xulosalarga ko‘ra, O‘zbekistonda bo‘lishi mumkin maksimal zilzila kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 9 (6,5 ballga teng)dan oshmaydi. Chunki bizdagi seysmik hududlarning salohiyati u qadar yuqori emas. Pomir, Tyan-Shan tog‘lariga tutash hududlarda zilzila magnitudasi 7 ga yetishi mumkin”.

Top