16:33 / 02.12.2015
5917

Nikoh to‘yini bolalar uyida o‘tkazgan qozog‘istonlik juftlik o‘zlari haqida so‘zlab berishdi

Qozog‘istoning Chimkent viloyatida nikoh to‘yini ota-onasiz qolgan bolalar ishtirokida o‘tkazgan yosh juftlik o‘zlari to‘g‘risida so‘zlab berishdi. Meirman Sauranbek ismli kuyov “Limuzin”dagi dabdabali va qimmatbaho sayr o‘rniga ota-onasiz bolalar uchun bazm uyushtirib berdi. Shu munosabat bilan Tengrinews.kz muxbiri kuyovni suhbatga tortdi.

Meirman Sauranbek Sayram tumanida tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish markazida biznes-murabbiy sifatida faoliyat yuritadi. Uning turmush o‘rtog‘i Saniya Seydualixon qizi esa - o‘qituvchi. Ular 2013 yildan buyon uchrashib yurishganini ma'lum qildi.
Kuyovning aytishicha, to‘ydan so‘ng bu qadar shov-shuv bo‘lishini kutishmagan. Uning do‘stlaridan biri to‘yda videoga olib, uni Facebook`ka joylashtirgan.

“Shunchaki, anchadan buyon bolalar uyiga borib, ota-ona mehridan mahrum bolalarga shodlik ulashishni orzu qilardim. Hozirgi qiyin vaziyatda limuzin va sayr uchun pulni behuda sarflashdan ma'no yo‘q, degan qarorga keldim va bolalar uchun dasturxon yozdim. Kelinga o‘z qarorim haqida to‘ydan ikki kun avval aytdim. Avvaliga u har qanday kelin singari limuzinda sayr qilishni xohladi.

Lekin mening qarorimni to‘g‘ri tushundi va qabul qildi. Kortej uchun 100 ming tanga (taxminan 325 dollar) ketar edi, men bu pulni bolalarga sarfladim”, - deydi kuyov.
Uning aytishicha, bolalar bundan juda xursand bo‘lishgan, ular hech qachon oq ko‘ylakdagi kelinni ko‘rishmagan ekan. Shu bilan birga, bolalar ham to‘yda kelin-kuyovga o‘zlarining turli-tuman sovg‘alar hozirlashibdi. Sauranbek yosh do‘stlari ijro etgan she'r va qo‘shiqlar ayniqsa juda yoqqanini aytib o‘tdi. “Bolalarning samimiyati meni hayratlantirdi. Ularning tayyorgarligi katta taassurot qoldirdi”,-dedi kuyov.

Top