08:40 / 03.12.2015
11550

O‘zbekistondagi ilk smart-sinf uchun 210 ming dollar sarflandi

Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 327-umumta'lim maktabida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan innovatsion o‘quv sinfi ochildi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur sinfning tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasi bilan ikki davlat rahbarlari uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq ta'lim sohasida olib borilayotgan samarali hamkorlikning mantiqiy davomidir. Bu boradagi loyiha O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi va Koreya Respublikasi Ta'lim vazirligi hamkorligida amalga oshirdi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vazirining o‘rinbosari U.Abruyev, 327-maktab direktori D.Abdullayeva, Koreya Respublikasi Ta'lim vazirligining axborot xavfsizligi departamenti bosh direktori Li Kyong Xe va boshqalar loyiha ta'lim tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, interfaol o‘quv usullarini rivojlantirishga qaratilganini ta'kidladi.

Zamonaviy sinf o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yagona tarmoqqa ulangan planshet kompyuterlar, audio va video jihozlar, maxsus mebel bilan jihozlangan ko‘p funksiyali auditoriyadir. Bu yerga umumiy qiymati 210 ming dollardan ziyod uskunalar o‘rnatilgan.
Mehmonlar innovatsion sinf imkoniyatlari namoyish etilgan ochiq darsda ishtirok etdi.

Top