13:02 / 07.12.2015
13614

Prodyuser: Botir Qodirov "Darakchi" gazetasiga boshqa intervyu bermaydi!

Xonanda Botir Qodirovning prodyuseri Abror Po‘latov Kun.uz bilan suhbatda shu kunlarda matbuotda ko‘tarilgan mashmashalarga izoh berdi.

Eslatib o‘tamiz, “Darakchi” gazetasining oxirgi sonida chop etilgan maqolada Botir Qodirovning konsert dasturidagi bo‘lib o‘tgan ayrim voqealar keskin tanqid ostiga olingan edi. Shundan so‘ng xonanda gazeta tahririyatiga borib, intervyu berdi, ammo, prodyuserining ma'lum qilishicha, bu material noxolis tahrir qilinib, nashrga berilmoqda.

Shu munosabat bilan Abror Po‘latov bo‘lib o‘tgan voqealarga o‘z munosabatini bildirdi. Quyida uning so‘zlarini keltiramiz.

"Ikki kun avval “Darakchi”da chiqadigan navbatdagi intervyu sarlavhasini o‘qib, ochig‘i, g‘alati ahvolga tushdim. "B. Qodirov jurnalistlardan uzr so‘radi". Meni bir savol qiynadi: jurnalistlardan nimaga uzr so‘rashi kerak? Ma'lumot uchun, mening mutaxassisligim ham jurnalist. Jurnalist xolislik mezoni emasmi? Maqola nimaga xafaqon yo alamzada kayfiyatda? Ularning nima haqqi bor? Bu holatga Botirning nima aloqasi bor? Jurnalistlar akkreditatsiyasi va kirib chiqishiga xonanda nega javob berishi kerak?
Keling, voqeaning ochiq tahliliga e'tibor beraylik, umuman bunday holat kelib chiqishiga sabab qanday? Sababi bitta: bir muxbir qizning konsertga kirolmagani.

B. Qodirov tomonidan so‘ralgan uzr esa o‘sha qizdan ("jurnalist"dan) so‘ralgan, xolos. Bunga jurnalistlarning hammasi daxldor emas. Albatta, so‘rash kerak bo‘lsa, so‘raydi ham. O‘zi san'atkordan hokisori yo‘q. Ayniqsa, Botirga o‘xshagan sodda, keng fe'lli san'atkorlarga bu katta ish emas. Lekin baribir kulguli.

Oynalar emas, oyna sindi, lekin uni Botir sindirmadi, bunga intervyuda ham, boshqa joyda ham izoh berildi. Endi omonatgina oyna eshik qattiqroq yopilganiga sindi, xo‘sh, nima qipti? Yangilab, mustahkamidan qo‘yildiku, kimga kerak bu vahima? Sigareta chekibti, xo‘p, bu yomon odat ham deylik. Ammo chekilmasin deb yozib qo‘yishmasa, buni qayerdan bilsin? To‘g‘ri, bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi, shunga jarimasini to‘ladik, 13.500 so‘m. Xo‘sh, kim zarar ko‘rdi? Nimaga va kimga kerak bunday shovshuv? Faqat o‘sha alamzada, konsertga kirolmagan muxbirga...

Alam qiladigani, o‘zim jurnalist bo‘lganim uchun o‘sha kuni, yosh qiz ekan, sinib qolmasin, deb tashkilotchi ukalarimga iltimos qilib, bitta taklifnoma qilib bering, kelsin dedim. U nima deb javob berdi? Dushanba ish kuni bizda, deb jahl qipti. Hayron qolasan, axir o‘sha qizning vazifasi yoritishdan boshqamidi, shu uning xizmat doirasidagi ishmasmi? Yoki bir kun avval dam olishga kelganmikin? Eng qizig‘i, seshanba kuni o‘sha muxbir saroyga kelib, muassasa rahbari va qo‘riqlash xizmatini qidirib bir ish kunini sarflapti; bir ko‘rsatib qo‘yay B. Qodirovga, degandirda.

Xullas, bunaqa holatlar odamning dilini xira qiladi. Kontsertning mazmuni, mohiyati, odamlardagi hayajon, quvonch qolib, allambalo kir narsalarni topishdan kim manfaatdor?!
Mayli hammasiga chidadik, indamadik. Ammo yangi chiqadigan maqolada konsert kunlari noto‘g‘ri yozilganligini qanday tushunish mumkin?

Ikkinchi savolning javobiga-ku, umuman tushunmadim... Nima deb yozdingiz, qanaqa Fransiya, qanaqa rolik, desam, diktofonda yaxshi eshitilmadi, deydi muxbir qiz...
Bu holat uchun kim javob beradi? Bu vaziyat bilan bog‘liq qonun hujjatlari ham bor-ku, lekin biz jim turamiz, biz ijod qilamiz!

Agar qonuniy yondashadigan bo‘lsak, tashkilotchi sifatida bu qizni saroyga kiritish majburiyatimiz yo‘q, har yerga kirishiga esa biz javobgar emasmiz!"

Top