18:34 / 07.12.2015
4134

Minsk aholisi Qozog‘istonning Belarusdagi yangi elchixonasi binosi hashamatidan hayratga tushdi

2016 yil yanvarida Qozog‘istonning Minskdagi diplomatik korpusi yangi binoga ko‘chib o‘tadi. Elchixonaning sharqona uslubdagi gumbazli yangi binosi qurilishi belarus quruvchilari tomonidan 2013 yildan buyon olib borilmoqda. Qurilish ishlari 2015 yil avgustida bitishish lozim edi, ammo ayrim sabablarga ko‘ra ishlar cho‘zilib ketdi va endilikda oxirgi muddat sifatida 2016 yil yanvari ko‘rsatilmoqda.

Qozog‘iston matbuotida ta'kidlanishicha, yangi bino Minsk ahlini o‘z go‘zalligi bilan hayron qoldirmoqda.
Qozog‘iston TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, elchixona ma'muriy binosi qurilishi loyihasi investitsion hisoblanib, respublika byudjyetidan moliyalashtirilmoqda. Uning ijrosiga 3 121 566 200 tanga ajratilgan.

Qozog‘istonning konsullik bo‘linmasi ham shu binoda joylashadi.
Eslatib o‘tamiz, 2013 yil 14 iyunida Nursulton Nazarboyevning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Toshkent shahrida Qozog‘iston elchixonasining yangi binosi foydalanishga topshirilgan edi. Bino oldida buyuk qozoq shoiri Abayning haykali o‘rnatilgan edi. Binoning ochilish marosimida har ikki davlat rahbarlari ishtirok etgan edi. Abay nomli ko‘chada joylashgan ushbu elchixona binosi hamda uning oldidagi haykal o‘zbek va qozoq xalqlarining birligi va qarindoshligining ramzi sifatida talqin qilingan edi.

Top