22:47 / 07.12.2015
12890

Rossiyalik 12 soat davomida turnikda tortilib, rekordini o‘rnatdi

Rossiyaning Krasnoyarsk shahridan bo‘lgan sportchi Nikolay Kaklimov turnikda tortilish bo‘yicha jahon rekordini qayd etdi. Bu haqda Krasnoyarsk shahri jismoniy madaniyat, sport va turizm bo‘yicha boshqarmasi saytida ma'lum qilingan.

"Avvaliga Kaklimov turnikda 10 marta ko‘tarilib ko‘rdi. Keyin 6 soat mobaynida 5 martadan tortildi. 6 soat ichida u 3455 marta turnikka ko‘tarilgan. 12 soat yakunida esa hakamlar 4989 marta turnikda ko‘tarilishni qayd etishgan va bu yangi dunyo rekordiga aylangan.

5 dekabr kuni sudyalar kollegiyasi tomonidan qayd etilgan rekord videoyozuvini Rossiya rekordlar kitobi va Ginnes rekordlar kitobi qo‘mitalariga yuborish rejalashtirilgan.

54 yoshli Nikolay Kaklimov bundan oldin ham Rossiya rekordlar kitobiga kiritilgan. U shu yilning avgust oyida 30 daqiqa davomida 494 marta turnikda tortilgandi.

Ma'lumot uchun, bundan oldingi rekord chexiyalik Yan Karesga tegishli hisoblanadi. U 2014 yilda 6 soat ichida 3378 marta, 12 soat ichida 4654 martalik natija ko‘rsatgan.

Top