18:53 / 08.12.2015
2704

FIFA Qatardagi 2022 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik ishlaridagi mehnat sharoitlari yaxshilanganidan ko‘ngli to‘ldi

FIFA Qatardagi 2022 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik ishlaridagi mehnat sharoitlari yaxshilanganidan ko‘ngli to‘ldi. FIFA bosh kotibi vazifasini bajaruvchi Markus Kattnerning bu haqda aytgan so‘zlari FIFA rasmiy saytida keltirildi.

2014 yilda FIFA va Qatar hukumati futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati obektlarini barpo etishda ishtirok etuvchilarning mehnat, uy-joy sharoitlari va maoshlari bo‘yicha me'yorlarni belgilagan qo‘mitani ta'sis etgandi. Ayni paytda mamlakatda 5 ta stadion qurilishi davom etmoqda.

“Ayni paytga kelib Qatarning jahon chempionatiga tayyorgarlik tashkiliy qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahsinga sazovordir. Biz obektlar qurilishida ishtirok etayotgan ishchilarning mehnat, uy-joy sharoitlari va maoshlari yaxshilanganidan ko‘nglimiz to‘ldi. Biz Qatar hukumatini mehnat islohotlarini milliy darajada tezlashtirishga chaqirmoqdamiz, toki shunday mehnat standartlari mamlakatning barcha qurilish kompaniyalari uchun huquqiy tomondan biriktirib qo‘yilsin”, deb aytdi Kattner.

Qatarda yozda ob-havo juda issiq bo‘lishi tufayli 2022 yilgi jahon chempionatini 21 noyabrdan 18 dekabrgacha o‘tkazishga qaror qilingandi.

Top