07:09 / 08.12.2015
10119

Reuters manbasi Suriya armiyasiga berilgan aviazarba uchun javobgarlikni Rossiyaga ag‘dardi

AQShning fikricha, Dayr-az-Zayr viloyatida Suriya armiyasi lageriga berilgan aviazarba uchun javobgarlik Rossiya zimmasida yotadi. Bu haqda AQShlik harbiy amaldorlardan biri ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.   

Noma'lum bo‘lib qolishni istagan manbaning izohlaridan kelib chiqiladigan bo‘lsa, AQSh Bashar Asadga moyil bo‘lgan qo‘shinlarga zarba berilishiga aloqasi yo‘q.

Avvalroq 7 dekabrda Suriya Tashqi ishlar vazirligi o‘z qo‘shinlari lageriga hujum qilinishida 65 ta davlatdan tuzilgan xalqaro koalitsiyani aybladi: “AQSh boshchilik qilayotgan koalitsiya tomonidan Dayr-az-Zayrdagi Suriya armiyasi lagerlaridan biriga qilingan tajovuz nafaqat terrorchilikka qarshi sa'y-harakatlarga to‘sqinlik qiladi, balki bu koalitsiyaning terrorchilikni yo‘q qilishdan manfaatdor emasligini tasdiqlaydi”, deb aytilmoqda Suriya TIV xabarida. Diplomatlarning ta'kidlashicha, hujum oqibatida 3 askar halok bo‘ldi, 13 nafari yaralandi, shuningdek 4 avtomobil, qurol-aslaha va o‘q-dorilar ombori vayron qilindi.

Shuningdek, xalqaro koalitsiya matbuot kotibi alyans kuchlari Suriya hukumati ko‘rsatgan hududga zarbalar berilganini inkor etdi. “Biz Suriya tomonining hisbotlarini ko‘rdik, biroq kecha biz viloyatning bu qismida hech qanday operatsiyalar o‘tkazmadik”, deb aytdi koalitsiya polkovnigi Stiv Uorren. Uning ta'kidlashicha, koalitsiya suriyalik harbiylar jabrlangan hududdan 55 km uzoqlikda harakat qilgan.

Top