22:40 / 08.12.2015
5964

Voronejda qo‘lga olinganlarni vahshiyona qiynagan politsiyachilarga hukm chiqarildi

Voronejda huquq-tartibot muassasalarining sobiq tezkor xodimi Valeriy Mochalov bir necha kishini qiynoqqa solib, aybini bo‘yniga olishni yozishga majbur qilgani uchun 3 yil 7 oyga koloniyada qamoq jazosini o‘tashga mahkum qilindi.

Ushbu ish bo‘yicha o‘tayotgan yana bir politsiyachi Aleksandr Novikovga nisbatan hukm o‘zgarishsiz qoldi. U Mochalov bilan birga uch aka-ukani qiynagani uchun uch yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, avval Mochalovga 3 yil 6 oy qamoq jazosi e'lon qilingan, biroq u bir oyga oshirilgan. Bunga sobiq politsiyachining O‘zbekiston fuqarosi sog‘lig‘iga og‘ir shikast yetkazgani sabab bo‘lgan. O‘zbekistonlikning do‘pposlashlardan jigari yorilib ketgan. Aynan shu voqeadan keyin politsiya bo‘limida qiynoqlar qo‘llanishi holati oshkor bo‘lgan.

2012 yil martida politsiyachilar politsiya bo‘limiga voronejlik ayolning nomusiga tegishda gumonlangan o‘zbekistonlik jigaridan shikastlangandan keyin tez tibbiy yordam mashinasini chaqirtirishgan. Uning sog‘lig‘iga og‘ir ziyon yetkazilishi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilgan va uning davomida politsiyada boshqa qiynoqqa solish holatlari ham aniqlangan. Hammasi bo‘lib ushbu ish bo‘yicha 5 kishi jabrlanuvchi deb tan olingan.

Jabrlanuvchilar orasida 2011 yil mayida bir necha avtomobilni olib qochishda gumon qilingan uch aka-uka ham bo‘lgan. Sud politsiyachilar ularni tok bilan qiynagani, ustlariga stul qo‘yib unga o‘tirgani, ikkita stol o‘rtasida mahkamlangan metall trubaga osishganini aniqladi. Jabrlanuvchilar qiynoqlarga chidolmay o‘z ayblarini bo‘ynilariga olib kelishganini yozib berishgan.

Qiynoqlarda ishtirok etgan politsiyachilar o‘z xizmat vakolatlarini zo‘ravonlik va maxsus vositalar qo‘llab suiiste'mol qilish moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Mochalov tergov davomida uy qamog‘ida bir yil 2 oy o‘tkazgan. Hukm e'lon qilingandan keyin tergov izolyatoriga yuborilgan va u yerda ham bir yil 4 oy o‘tkazgan. Agar hukm kuchga kirsa, zo‘ravon muddatdan oldin-shartli ozodlikka chiqarilishini so‘rashi mumkin.

Top