16:24 / 10.12.2015
2927

Guardian: odam savdosi jinoyati bo‘yicha tergov olib borayotgan tailandlik general Avstraliyadan boshpana so‘radi

Tailandda odam savdosi jinoyati bo‘yicha tergov olib borish bilan shug‘ullanuvchi general-mayor Pavin Pongsirin Avstraliyadan siyosiy boshpana so‘radi, deya xabar bermoqda The Guardian nashri.
General bir necha kun muqaddam Melburnga sayyohlik vizasi bilan tashrif buyurgan edi. Endi esa u o‘z hayotidan xavotirga tushgan holda siyosiy boshpana taqdim etilishini so‘ramoqda. Generalning tasdiqlashicha, Tailandda tergov qilingan ta'sirli shaxslar uni o‘ldirishmoqchi.
“Men kulfat ichida qolgan kishilarga yordam berish uchun mazkur sohada ishladim. Shaxsiy manfaatlarim haqida o‘ylamadim, biroq endi o‘zim ham kulfatda qoldim. Ishonamanki, Yer yuzida men uchun xavfsiz joy topiladi”, - dedi Pavin Pongsirin.
Avvalroq Tailandda qulfurushlarning lagerida 30ta qabr topilgani xabar qilingan edi. Qayd etilishicha, 57 yoshli general-mayorga mazkur ishni tergov qilish topshirildi. Natijada 153 nafar gumondorni qamoqqa olish to‘g‘risida order berilgan, ular orasida harbiylar, mahalliy siyosatchilar va tadbirkorlar ham bor.

Top