16:17 / 10.12.2015
13459

OAV bozor narxlarini kim belgilashiga qiziqib ko‘rdi

Birinchi ehtiyoj mollarining narxlari o‘zgarib turishini ko‘rgan odamlar qanday mahsulotlar narxi nazorat qilinishi, qaysilari esa erkin belgilanishiga qiziqish bildirmoqda. Mana shunday masalalarda bo‘lgan murojaatlarga javob topish maqsadida “Darakchi” gazetasi Davlat raqobat qo‘mitasi va Moliya vazirligiga murojaat qildi.

Qo‘mitaning iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i D. Azimov savolga javob berdi.

“Bizning idoramiz davlat reyestriga kiritilgan monopolist korxonalar mahsulot va xizmatlari narxi ustidan nazoratni amalga oshiradi, - tushuntirdi u. – Biz monitoring olib borayotgan mahsulotlar ro‘yxatiga benzin, non (600 gr) va mahalliy un mahsulotlarining turli narxlari (maxsus savdo narxlari bilan) kiradi. Mahalliy un va non mahsulotlarining narxi Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari tomonidan belgilanadi. Bugun mamlakatimizda 1 kg oliy navli unning narxi 1 475 so‘mni tashkil etadi”.

Ta'kidlanishicha, qo‘mita boshqa turdagi mahsulotlarning narxlari ustidan nazoratni amalga oshirmaydi.
“Bozor iqtisodiyoti talablariga ko‘ra, mahsulotlar narxi faqat talab va taklifga qarab belgilanadi. Yog‘, non, un, dori-darmon singari mahsulotlar narxi bundan mustasno, - so‘zida davom etdi mutaxassis. – Ba'zi paytlarda turli sabablarga ko‘ra, qaysidir mahsulotning narxi o‘z-o‘zidan ko‘tarilib ketadi, shunda davlat nazoratni o‘z qo‘liga oladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus bayonnomasiga ko‘ra, dehqon bozorlarida ushbu mahsulotlarni past bahoda realizatsiyalash tartibi belgilanadi. Masalan, yaqinda tuxum narxi keskin ko‘tarilib ketganida hukumat topshirig‘iga ko‘ra bir qator parrandachilik fabrikalari iste'molchilarga tuxumning har donasini 300 so‘mdan yetkazib berishdi. Biroq, ta'kidlab o‘taman, faqat alohida hollarda ana shunday choralar qo‘llaniladi”.

Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Hamza Tuxsanovning ta'kidlashicha, uning idorasi narxlarni nazorat qiluvchi asosiy organ hisoblanadi.
“...Davlat nazoratiga ayrim tovarlar va xizmatlar kiritiladi. Jumladan, bozordagi yetakchi mavqe kasb etuvchi, davlat reyestriga kiritilgan ishlab chiqarish korxonalari va tabiiy monopoliya sub'yektlari tarafidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotni aytish mumkin”, - dedi amaldor.

Bundan ro‘yxatga kirgan mahsulotlar qatorida un, avtobenzin, dizel yoqilg‘isi, spirtli mahsulotlari bor. Bu ro‘yxatga kirmagan boshqa mahsulotlar va xizmatlar narxi erkin belgilanadi.

Top