17:56 / 10.12.2015
7001

Olimlar: Sulaymon Qonuniyning qabri topildi

Pech universitetida ishlovchi vengriyalik tarixchi Norbert Pap Usmonlilar sultoni Sulaymon Qonuniyning qabri topilganini e'lon qildi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar bermoqda.

Usmonlilarning eng qudratli hukmdorlaridan biri, hashamatli hayot kechirgani uchun Muhtasham laqabini olgan Sulaymon I 1566 yili Vengriyadagi Sigetvar qasrini qamal qilish chog‘ida olamdan o‘tgan. Tarixchining ta'kidlashicha, uning qabri o‘sha kunlarda shohona chodir tikilgan joyda bo‘lishi kerak.

Shunga qaramay, gipoteza tasdiqlanishi uchun qazilma ishlarini davom ettirish lozim, yangi qazish mavsumi esa 2016 yil bahoridan boshlanadi.

Sulaymon I 71 yillik umrining 46 yilini taxtda o‘tkazgan. Uning davrida saltanat yanada kengaygan va boyigan. U vafot etganidan so‘ng Sigetvar qamali to‘xtab qolmasligi uchun o‘limi 48 kun davomida sir tutilgan. Taxmin qilinishicha, uning ichki a'zolari shu hududda dafn etilgan, tanasi esa Istanbulga yuborilib, Sulaymoniya masjidi qabristoniga dafn etilgan. Vengriyadagi taxminiy qabr bugungi Turbek shaharchasi hududiga to‘g‘ri keladi.

Sulaymon I uning hukmronlik yillari aks ettirilgan “Muhtasham yuz yil” teleseriali orqali keng ommaga mashhur bo‘lgan.

Top