10:57 / 10.12.2015
22275

O‘zbekiston Afg‘oniston muammosi bo‘yicha pozitsiyasini aytdi

O‘zbekiston TIV o‘rinbosari Dilyor Hakimov Serbiyaning Belgrad shahrida o‘tayotgan YeXHT tashqi ishlar vazirlari kengashining 22-yig‘ilishida O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatga, shuningdek, Markaziy Osiyo suv muammolari bo‘yicha pozitsiyasini aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga qaraganda, xalqaro vaziyatning murakkabligi, geosiyosiy keskinlik va siyosiy qarshilik oshayotgan, global moliyaviy inqiroz davom etayotgan bir paytda radikal va ekstremistik oqimlar ko‘paymoqda, ixtilof va qarama-qarshiliklar soni oshmodqa, bu esa jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Afg‘onistondagi keskinlik ham butun mintaqaga xavf solmoqda.

“Afg‘oniston muammosini hal qilishning yagona yo‘li tinch siyosiy muzokaralar, donor davlatlarning moliyaviy, iqtisodiy, gumanitar qo‘llab-quvvatlashi hamda BMT ko‘magida qarama-qarshi tomonlar o‘rtasidagi ichki murosaga erishishdir, - ta'kidladi O‘zbekiston vakili. – O‘zbekiston har qanday o‘tkir ziddiyatlar yechimi tinch yo‘l bilan va siyosiy vositalarda topilishi kerakligiga amin, bunda xalqaro huquq me'yorlariga qat'iy amal qilish talab etiladi”.

Shuningdek, u ekologik muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Bu ro‘yxatda eng yangi tarixdagi umumsayyoraviy ahamiyatga ega eng katta ekologik fojia – Orol dengizi fojiasi o‘ziga xos o‘rin tutadi: dengiz bir avlod ko‘z o‘ngida halokat yoqasiga kelib qoldi. Dengizning qurishi oqibatida nafaqat Markaziy Osiyo, balki undan boshqa joylarda ham aksini ko‘rsatayotgan iqlim o‘zgarishi kelib chiqdi. Orol fojiasining halokatli ta'siri butun dunyoga tahdid solmoqda. U Markaziy Osiyoda yashayotgan 65 mln kishining hayoti va genofondiga jiddiy ta'sir o‘tkazdi”, - ta'kidladi Hakimov.

Top