22:31 / 10.12.2015
3651

Riyod Maxrez "Lester"ning Angliya chempionligi uchun imkoniyatlari haqida gapirdi

"Lester" jamoasi yetakchilaridan biri, jazoirlik 24 yoshli futbolchi Riyod Maxrez o‘z jamoasining APLdagi g‘alabali o‘yinlari va mavsum oxirigacha bo‘ladigan imkoniyatlari haqida aytib o‘tdi.

U "Lester"ning ligadagi ishtiroki va imkoniyati to‘g‘risida fikr yuritar ekan, birinchi navbatda ligada jon saqlab qolishni kafolatlaydigan 40 ochkoni yig‘ib olish kerakligini ta'kidlagan.

"Birinchi navbatda APLda qolish masalasini hal qilish kerak, shundan so‘ng kattaroq yutuqlar haqida o‘ylash mumkin", deydi futbolchi.

"Men o‘z o‘yinimga ishonaman. Men nimalarga qodirligimni yaxshi bilaman. Qachonki gollar urishda davom etar ekansan, o‘zingga bo‘lgan ishonch orta boradi va ko‘proq gol urish uchun intilasan", deydi Maxrez.

Ma'lumot uchun, joriy mavsumda ushbu futbolchi "Lester" safida 14ta o‘yinda ishtirok etib, 10ta gol urdi va 6ta golli uzatma amalga oshirgan holda, liganing eng sermahsul o‘yinchilaridan biri bo‘lib turibdi.

"Lester" esa 15 turdan 32 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalining eng yuqori o‘rnidan joy olgan. 1 yil oldin quyi ligadan chiqib kelgan jamoa o‘tgan mavsumda ligada arang jon saqlab qolgandi. Jamoa bu mavsumning birinchi davrasida faqat birgina mag‘lubiyat qayd etdi, "Arsenal" bu jamoani safarda 5:2 hisobida yenggan. "Lester" birinchi davraning qolgan o‘yinlarini "Chelsi", "Everton", "Manchester Siti" va "Liverpul" kabi jiddiy raqiblarga qarshi o‘tkazadi.

Top