15:59 / 10.12.2015
7236

Soliq qo‘mitasi: nazorat qiluvchi organlarning 2016 yil uchun tekshirishlar reja-jadvali tasdiqlandi

Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashining 2015 yil 7 dekabrdagi 1-sonli qarori bilan nazorat qiluvchi organlar tomonidan 2016 yilda tadbirkorlik sub'yektlarida o‘tkaziladigan tekshirishlar reja-jadvali tasdiqlandi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasining Axborot xizmati xabar qildi.

Xabarda keltirilishicha, tekshirishlar reja-jadvali “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun talablariga qat'iy rioya etgan holda ishlab chiqildi.

Xususan, ushbu qonunga asosan nazorat qiluvchi organlar tomonidan barcha rejali tekshirishlar kichik tadbirkorlik sub'yektlarida ko‘pi bilan 4 yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik sub'yektlarida esa ko‘pi bilan 3 yilda bir marta o‘tkazilishi belgilangan. Natijada 2016 yildan boshlab ayrim sub'yektlarda turli nazorat organlari tomonidan har yili rejali tekshirish o‘tkazilishining oldi olindi.

Loyihani ishlab chiqishda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lgan 30 ta vazirlik va idoralarning tegishli takliflari o‘rganib chiqilib, tahlil natijasida ularning 9,9 mingtasi loyihaga kiritilmadi.
Tadbirkorlik sub'yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha tekshirishlarning barchasi kameral nazorat natijasida qoidabuzarliklar aniqlangan holatlar asosida shakllantirildi.

Shuningdek, tekshirishlar reja-jadvalini shakllantirishda davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan ma'ruzasidagi xususiy mulkni, tadbirkorlik sub'yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirish, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan bildirilgan fikrlari ham inobatga olinib, 2016 yilda tadbirkorlik sub'yektlarida o‘tkaziladigan tekshirishlar reja-jadvali 2015 yilga nisbatan 10 foizga qisqartirilgan holda tasdiqlandi.

Kengash qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar hududiy komissiyalariga reja-jadvaldan tegishli ko‘chirmalar ijrosini ta'minlash uchun nazorat organlari va tuman (shahar) hududiy komissiyalariga zudlik bilan yetkazish topshirildi.
Nazorat qiluvchi organlar rahbarlariga rejali tekshirish o‘tkazilishi mo‘ljallangan tadbirkorlik sub'yektlariga rejali tekshirish muddatlari va predmeti to‘g‘risida tekshirishning rejada belgilangan boshlanish muddatidan kamida 30 kalendar kun oldin yozma shaklda xabarnoma yuborilishini, tekshirish tayinlash to‘g‘risidagi buyruqlarni Kengashning “Tekshirishlar.uz” veb-saytiga joylashtirib borilishini hamda rejali tekshirishlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishini ta'minlash yuklatildi.

Top