21:20 / 11.12.2015
5963

Meksikalik narkobaron IShID yetakchisiga tahdid qilgani voqeasi yolg‘on ekanligi ma'lum bo‘ldi

El Chapo laqabli meksikalik narkobaron Xoakin Guzman Loera IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga tahdid qilib maktub yozgani haqidagi xabar yolg‘on bo‘lib chiqdi. Bu haqda The Independent nashri ma'lum qildi.

Maktub haqidagi xabar dastlab 30 noyabrda, ba'zida o‘ylab topilgan xabarlar chop etadigan Thug Life Videos saytida paydo bo‘ldi. Eksklyuziv material sifatida berilgan bu xabarda “Dunyodagi eng katta kartelning nomdor yetakchisi “Mening odamlarim senlarni yo‘q qiladi” deb IShIDga tahdid qilgan” deb yozilgan.

Ta'kidlanishicha, kodlangan ushbu xabar El Chaponing o‘g‘li tomonidan elektron pochta orqali al-Bog‘dodiyga yuborilgan. Ushbu maktub mazmuni bilan iyulda qamoqxonadan qochib ketgan El Chapo boshqargan “Sinaloa” karteli bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan meksikalik bloger go‘yoki tanishib chiqqani ma'lum qilingan.

Uning tushuntirishicha, “Sinaloa” Yaqin Sharqqa giyohvand moddalar yetkazib beruvchi guruhlardan biri bo‘lib, IShID giyohvandfurushlarga xalaqit bergan.

7 dekabrda bu dalillar narkokartellar haqidagi yangiliklar portali CartelBlog.com’da chop etilgan. Shundan keyin bu xabar New York Post, Forbes va Fox News’da ham paydo bo‘lgan.

Thug Life Videos xodimi Stiv Charnok The Daily Mail nashriga u o‘zining boshlig‘i bilan bu voqeani o‘ylab topganini aytgan. “Bu bir hajviya, soxta yangilik edi” deb aytdi Charnok. Charnok u bilan hech kim bu ma'lumotni tekshirib ko‘rish uchun bog‘lanmaganini qo‘shimcha qildi.

Top