18:38 / 11.12.2015
4851

Yatsenyukka hujum qilgan deputat partiya safidan o‘chirildi

«Pyotr Poroshenko bloki» (BPP) partiyasi xalq deputati Oleg Barnani o‘z a'zolari safidan o‘chirdi. Bunga u tomonidan parlament yig‘ilishi vaqtida Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyukka nisbatan qilingan nojo‘ya xatti-harakat sabab bo‘lgan.

Bu haqda fraksiya matbuot xizmati boshlig‘i Taras Pastushenko UNIAN agentligiga xabar bergan. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu bo‘yicha qaror fraksiya a'zolarining ko‘pchilik qismi ovoz berishi orqali qabul qilingan.

Qayd etish kerakki, Barnaning o‘zi Rada qo‘mitasiga chaqirilganida "fraksiyani tark etishi" haqida ma'lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, parlament yig‘ilishi chog‘ida Oleg Barna bosh vazirga tashlanib, uni minbardan surib chiqarishga harakat qildi. Bundan tashqari, u Yatsenyukka motam tasmasiga o‘ralgan guldasta sovg‘a qildi.

Voqea Yatsenyukning Radadagi tarafdorlari va raqiblari o‘rtasidagi qizg‘in mushtlashuvga ko‘chdi.

Janjal tinchigach, PPB fraksiyasi yetakchisi Yuriy Lutsenko bosh vazirdan kechirim so‘radi.

Top