08:18 / 12.12.2015
7990

Istiqlol bergan imkoniyatlar

Kun.uz saytiga muxbir xabari jo‘natildi. Unda Qashqadaryo viloyati aholisining neft va neft mahsulotlariga bo‘lgan talabi qay tariqa qondirilayotgani to‘g‘risida ma'lum qilinadi.

O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati tobora yuksalib bormoqda. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, zamonaviy biznes infratuzilmasini rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizdagi makroiqtisodiy barqarorlik va qulay sarmoyaviy muhit ta'sirida eng rivojlangan davlatlar, nufuzli moliya muassasalari mamlakatimiz bilan hamkorlik qilmoqda. Iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlaridan biri neft va gaz sanoatida ham keyingi yillarda olib borilayotgan islohotlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Mustaqillik yillarida aholining neft va neft mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida bir qator korxonalar tashkil etildi. Shulardan biri “Qarshi neft bazasi” unitar korxonasi bo‘lib, mazkur korxona ayni paytda Qashqadaryo viloyatning Nishon, Kasbi, Mirishkor, Muborak, Qarshi, Koson, Chiroqchi tumanlariga hamda Qarshi shahridagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Korxona tomonidan joriy yilda 60 ming tonna neft mahsulotlari realizatsiya qilingan bo‘lsa, shundan 15 ming tonnaga yaqini avtobenzin, 40 ming 500 tonna dizel yoqilg‘isi, 4 ming 600 tonna har-xil turdagi neft mahsulotlari iste'molchilarga yetkazib berildi. Birgina avtobenzinning 11 ming tonnaga yaqini xususiy yoqilg‘i qo‘yish shoxobchalariga tarqatildi. Ishlab chiqarish korxonalariga hamda byudjyet tashkilotlariga 3 ming 600 tonnaga yaqin avtobenzin yetkazib berilgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga 33 ming 700 tonna, xalq xo‘jaligining boshqa tarmoqlariga 6 ming 200 tonna, xususiy yoqilg‘i qo‘yish shoxobchalariga 600 tonna dizel yoqilg‘isi yetkazib berildi. Korxona tomonidan sotilgan neft mahsulotlarining umumiy qiymati 159 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Olingan foyda esa, 8 milliard 100 million so‘mni tashkil etmoqda. Bu orqali korxona davlat byudjyetiga 6 milliard 600 million so‘mlik soliq tushumini amlaga oshirdi. Davlatimiz rahbarining 2013 yil 23 iyuldagi “Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida olib borilayotgan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlarida “Qarshi neft bazasi” unitar korxonasi faol ishtirok etib kelmoqda.

Jumladan, Qarshi shahridagi “Chap qirg‘oq” kanali atrofida barpo etilayotgan sayilgoh qurilishida korxona tomonidan salmoqli qurilish ishlari amalga oshirildi. Ayni paytda 730 nafar xodim mehnat qilayotgan ushbu jamoada ishchi-xodimlarning ijtimoiy muhofaza qilishga ham alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Chunonchi, ishchi-xodimlarning sog‘liklarini tiklash va mazmunli hordiq chiqarishlari uchun joriy yil hisobida 8,2 million so‘mlik mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, sanatoriy va dam olish uylariga 75 milliion so‘mlik yo‘llanmalar olib berildi. Shu bilan birgalikda, korxonada faoliyat yuritayotgan 3 nafar xodimga namunaviy tartibda qurilgan uy-joylar olib berildi va ular uchun to‘lanadigan dastlabki 25 foizlik 150 million so‘m korxona tomonidan to‘lab berildi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, “Qarshi neft bazasi” unitar korxonasi O‘zbekiston prezidentining “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan tamoyilidan kelib chiqib, vatan ravnaqi, el-yurt farovonligi uchun xizmat qilmoqda.

Top