11:56 / 12.12.2015
9903

Serik Axmetovga hukmni kutish vaqtida sud binosining ikkinchi qavati foyesidagi ayol pastga qulab tushdi

Qarag‘anda shahrida Qozog‘istonning sobiq bosh vaziri Serik Axmetovni sud qilish jarayoni vaqtida ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘ldi.

NUR.KZ muxbiri xabariga ko‘ra, sobiq bosh vazirga hukm o‘qilgan binoda juda ko‘p odam to‘plangan va binoning ikkinchi qavatidagi tiqilinch tufayli foyedagi suyanchiq o‘pirilib, bir ayol yerga qulab tushgan. Uni "Tez yordam" mashinasi olib ketgan.

Qozog‘istonning sobiq bosh vaziri Serik Axmetov korrupsiyada ayblanib, 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Suddan avvalroq davlat prokurori suddan Axmetovni 12 yilga ozodlikdan mahrum etishni va uning mol-mulkini musodara qilishni so‘ragan edi.

Sobiq bosh vazir o‘zganing mol-mulkini sarflab yuborish, noqonuniy ravishda tadbirkorlikda ishtirok etish, xizmat vazifasini suiistemol qilish kabi jinoyatlarda ayblangan. Dastlab Axmetov byudjyet mablag‘larni o‘zlashtirishda, katta miqdorda pora olishda ham ayblangan edi. Ammo keyinchalik prokuratura pora olish aybini olib tashladi.

Sudda sobiq bosh vazir aybini tan olmadi. Ammo u Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevdan ishonchini oqlay olmagani, “xavotirga solgani” uchun kechirim so‘ragan.

Axmetov bilan birga Qarag‘anda viloyati va shahri sobiq rahbarlari ham korrupsiyada ayblanib sud qilindi. Jinoiy ish 338 tom bo‘lib, 21 kishiga nisbatan ish ko‘rildi. Himoyachi sifatida 50 nafar advokat ish olib bordi.

Sudlanganlarning davlatga keltirgan jami zarari 2,6 milliard tanga deb baholangan.

Top