17:29 / 12.12.2015
5100

2015 yilning uchinchi choragida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari hajmi 2,79 barobarga qisqardi

2015 yilning uchinchi choragida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari hajmi 797 mln dollarni tashkil etdi. Bu esa 2014 yilning uchinchi choragidagi ko‘rsatkichdan (2,227 mlrd dollar) 2,79 barobarga kam. Bu haqda Rossiya Markaziy banki ma'lumotlarida keltirilgan.

Bank ma'lumotida aytilishicha, uchinchi chorakda O‘zbekistonga Rossiyadan 725 mln dollar miqdoridagi mablag‘ jo‘natilgan. Bu borada o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,83 baravar pasayish qayd etilgan. O‘z navbatida bu vaqtda O‘zbekistondan Rossiyaga 72 mln dollar miqdoridagi mablag‘ jo‘natilgan (2014 yilning uchinchi choragiga nisbatan 2,44 barobar pasayish).

2015 yilning uchinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga amalga oshirilgan bitta operatsiyada o‘rtacha 482 dollar jo‘natilgan (1 yil oldingi ko‘rsatkich 648 dollar).

2015 yilning uchinchi choragida O‘zbekistondan Rossiyaga amalga oshirilgan bitta operatsiyada o‘rtacha 1572 dollar jo‘natilgan (2014 yilda 2058 dollar).

2015 yilning 9 oyi davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi umumiy pul aylanish hajmi 2,195 mlrd dollarni tashkil etib, 2014 yilning 9 oyiga nisbatan 2,3 barobarga kamaygan.

2015 yilning 9 oyi davomida Rossiyadan O‘zbekistonga jami 1,874 mlrd dollar yuborilgan va 2014 yilning 9 oyiga nisbatan 2,3 barobar pasayish qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning birinchi yarim yilligida Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 56 foizga qisqargandi.

Qayd etish kerakki, Rossiya hududida ayni vaqtda 2 mln nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi ishlamoqda.

Top