17:10 / 13.12.2015
2415

Myanma: Muxolifatning 70 yoshli yetakchisi hasharda ishtirok etdi

O‘tgan oyda o‘tkazilgan parlament saylovlarida g‘alaba qozongan Myanmadagi muxolif partiya yetakchisi Aun San Su Chji poytaxt ko‘chalaridagi obodonlashtirish ishlarida ishtirok etdi.

13 dekabr kuni ushbu 70 yoshli siyosatchi xonim o‘z partiyadoshlari bilan birga ko‘chaga chiqib, atrofdagi chiqindilarni yig‘ishtira boshlagan. Tez orada unga mahalla aholisi qo‘shilgan.

Qayd etish kerakki, oxirgi yarim asr davomida Myanmada hukumatni o‘z qo‘lida tutib kelgan harbiylar oxirgi yillarda, xususan 2011 yildan beri boshqaruvni harbiy bo‘lmagan fuqarolar vakillariga topshirishni boshladi. Bunga uzoq vaqt davom etgan izolyatsiya tufayli mamlakat iqtisodida keskin chuqurlashish yuzaga kelgani va Myanmaga nisbatan xalqaro sanksiyalar joriy qilingani sabab bo‘ldi. Ayni vaqtda mamlakatdagi infratuzilmalar o‘ta nochor ahvolda, ijtimoiy xizmatlar (masalan, ko‘chalardagi chiqindilarni yig‘ishtirish) esa deyarli mavjud emas.

Aun San Su Chji boshqaruvidagi "Demokratiya uchun milliy liga" partiyasi mamlakat tarixida ilk bor o‘tkazilgan erkin saylovda ustunlik qilib, parlamentda ko‘p o‘rin oldi.

329 o‘ringa ega bo‘lgan bu partiya mamlakat prezidentini tayinlab, hukumatni shakllantirishi mumkin.

Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra Aun San Su Chjining o‘zi prezident bo‘la olmaydi, chunki uning turmush o‘rtog‘i britaniyalik, farzandlari esa boshqa mamlakatlar fuqaroligiga ega.

Top