18:51 / 13.12.2015
6330

Rossiya Mudofaa vazirligi Turkiya harbiy attashesini Egey dengizidagi tushunmovchilik yuzasidan chaqirtirdi

Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Anatoliy Antonov Turkiyaning Rossiya elchixonasidagi harbiy attashesini Egey dengizidagi tushunmovchilik yuzasidan Rossiya Mudofaa vazirligiga chaqirtirdi, deb xabar bermoqda Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmatiga iqtibos keltirgan holda “Interfaks” axborot agentligi.

Ta'kidlanishicha, 2015 yilning 13 dekabrida Egey dengizining shimoliy qismida, Gretsiyaning Lemnos orolidan 22 km uzoqlikda Rossiyaning “Smetlivyy” qo‘riqchi kemasi ekipaji Turkiyaning seyneri (baliq tutuvchi kema) bilan to‘qnashishning oldini oldi.

“Moskva vaqti bilan soat 09:03 da navbatchi kema ming metr uzoqlikdan langarda turgan “Smetlivyy” kemasi yoniga yaqinlashayotgan turk kemasini aniqlagan”, deyilmoqda Mudofaa vazirligida.

Mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, “Smetlivyy” kemasi ekipaji turk kemasini ko‘p marta ogohlantirishiga qaramasdan, kema rossiyalik dengizchilar bilan radioaloqaga chiqmagan va maxsus vizual signallarga ham javob bermagan.

“Turk kemasi Rossiya qo‘riqchi kemasiga 600 metrgacha yaqinlashganda, kemalar to‘qnashishining oldini olish maqsadida turk kemasi harakatlanishi bo‘ylab o‘q tegmaydigan masofada o‘qotar qurol qo‘llangan”, deb aytilmoqda xabarda.

Shundan keyingina turk kemasi o‘z yo‘nalishini keskin o‘zgartirib, Rossiya kemasi yonidan 540 metr uzoqlikda o‘tib ketgan.

Avvalroq Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisini Bosfor ko‘rfazidagi Rossiya harbiy kemasi bilan yuz bergan holat yuzasidan chaqirtirgandi.

O‘shanda turk OAVlari Istambul fonida Rossiyaning “Tsezar Kunikov” kemasida qo‘lida raketa uchirish qurilmasini ko‘tarib olgan harbiyni suratga olgan. Turk hukumati bu harakatlarni ig‘vo deb baholagan.

Rossiya TIVda kema Montre konvensiyasining birorta moddasi va turk yo‘riqnomalarining tegishli qoidalarini buzmaganini aytgan.

Top