19:19 / 14.12.2015
4426

Valentina Matviyenko rossiyaliklarga Turkmanistonda dam olishni tavsiya qildi

Rossiya Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko rossiyaliklarga Turkmanistonda dam olishni tavsiya qildi. Bu haqda Matviyenko “Rossiya-24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Turkmaniston – qiziqarli tarixga, noyob yodgorliklarga ega qiziqarli davlatdir”, deb aytdi senator.

Matviyenko hozirda Turkmanistonda sayyohlik infratuzilmasi faol rivojlanayotgani va Kaspiy dengizida joylashgan “Avaza” kurort majmuasi to‘liq hajmda ishlayotganini aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, Matviyenkoning aytishicha, Turkmaniston infratuzilma rivojlanishi bilan sayyohlarni jalb qilishdan manfaatdor bo‘ladi va bu “viza tartibining yumshatilishiga olib keladi”. Matviyenkoning ta'kidlashicha, Turkmanistonda hozirdanoq viza olib, hordiq chiqarishni boshlash mumkin.

“Turkmaniston rossiyaliklarga qandaydir bir yopiq davlat hisoblanmaydi, Rossiyaning sayyohlik xaritasida u allaqachon mavjud”, deb ta'kidlab o‘tdi Matviyenko.

Dekabr boshida Qirg‘iziston hukumati rossiyalik sayyohlarni o‘ziga jalb qilish niyatidaligini bildirgandi. Ularning fikricha, Qirg‘iziston kurortlari rossiyaliklar uchun Turkiya va Misr kurortlari o‘rnini bosishi mumkin.

Top