08:39 / 15.12.2015
4715

Eron AQShning 227 ta mahsulotini import qilishni taqiqlab qo‘ydi

Eron AQShda ishlab chiqarilgan import qilishi taqiqlanadigan 227 ta mahsulotdan iborat ro‘yxatni tuzdi, deb xabar bermoqda Eronning PressTV telekanali.

Ta'kidlanishicha, ro‘yxat Eronga nisbatan kiritilgan sanksiyalarning bekor qilinishi arafasida tuzildi. Sanktsiyalarning bekor qilinishi Eron bozoriga xorijiy mahsulotlar katta oqimini yuzaga keltirishi mumkin. Eronning savdoga ko‘maklashish davlat tashkiloti mamlakatning 31 viloyatiga taqiqlangan AQSh mahsulotlari haqidagi ko‘rsatmani yubordi.

Ushbu ro‘yxatga keng turdagi mahsulotlar, jumladan saqich, sigaretalar, maishiy texnika, tank va zirhli mashinalar ham kiritilgan.

Ushbu ko‘rsatma Eron savdo va shaxtalar sanoati vaziri Muhammad Rizo Ne'matzodaning eronlik ishlab chiqaruvchilarni himoya qiluvchi, AQShdan bir qator iste'mol mahsulotlarining importi ta'qiqlanishi haqidagi farmoniga javob tariqasida chiqarildi.

AQSh sanksiyalari uzoq vaqt amal qilishiga qaramasdan, Eronga turli noqonuniy yo‘llar bilan salqin ichimliklar, sigaretalar kabi AQSh mahsulotlari olib kiriladi. Noqonuniy olib kirilayotgan mahsulotlarning katta qismini sigaretalar tashkil qiladi. Eronliklar yiliga 6-7 mlrd Marlboro sigaretasidan chekishadi.

27 oktabrda Eron prezidenti Hasan Ruhoniy uning davlatidan 2015 yilning oxirigacha sanksiyalar olinishi kerakligini aytgan edi.

Eron va xalqaro vositachilar “oltiligi” iyul o‘rtasida Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Unga ko‘ra, Tehronning uranni boyitish bo‘yicha imkoniyatlari cheklanadi. Buning evaziga Erondan sanksiyalar sekin-asta bekor qilinadi.

Top