09:57 / 15.12.2015
13622

Oysulton Nazarboyev: otamdan tonmayman

Qozog‘iston prezidentining nabirasi Oysulton Nazarboyev Facebook’dagi sahifasida otasi Rohat Aliyevdan tonish niyati yo‘qligini ta'kidlab o‘tdi.

“Yaqinda mashhur qozoq Buqor jirovning (Ablayxonning maslahatchisi) bir hikmatiga ko‘zim tushdi: Әkelі bala jaujүrek, Әkesіz bala sұm jүrek – otasini tan olgan jasur, otasini tan olmagan ayyor”, - deb yozadi Oysulton.

“Men bu so‘zlarni 10 dekabr kuni o‘qidim. Shu kuni mening otam 53 yoshini kutib olgan bo‘lardi, ammo, afsuski, Alloh unga boshqa reja qilgan ekan. U oddiy odam emas edi, ammo hayot ham oddiy narsa emas. Unda hamma narsa oq va qora bo‘lmaydi – hayotning ajoyibligi uning tuslari va nyuanslaridadir.

Men uni har doim yaxshi ota sifatida eslayman, u menga yaxshi tarbiya berdi, o‘stirdi, o‘qitdi, u mening ko‘nglimga futbol va umuman sportga muhabbat tukkan insondir. Har qanday vaziyatda ham men o‘z otamning farzandi sifatida unga minnatdor bo‘laman”, - ta'kidladi prezident nabirasi.
U otasi haqida har xil narsa o‘qishini tan oldi.
“Uni hurmat qilgan va yaxshi ko‘rganlar bor, uni yomon ko‘radiganlar bor. Men Allohdan qo‘rqaman va hech kimning ustidan hukm chiqarmayman, barchamiz ertami, kechmi Uning oldida bo‘lamiz va o‘shanda bizning ustimizdan adolatli hukm chiqarishadi”, - qo‘shimcha qildi Oysulton.

Rohat Aliyev 2008 yili Qozog‘istonda turli ayblovlar asosida 40 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Vena sudi 2011 yil iyunida uni Qozog‘istonda ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi. Aliyev 2014 yil iyunida Venada hibsga olindi. Dekabr oxirida Vena prokuraturasi uni “Nurbank”ning ikki menejyerining o‘ldirilishi yuzasidan olib borilayotgan ishda aybdor deb topdi. 2015 yil fevralining oxirida Aliyev o‘z kamerasida joniga qasd qildi.

Top