19:56 / 15.12.2015
18775

Rustam Azimov: O‘zbekiston ShHT doirasida erkin savdo hududi yaratish taklifini ko‘rib chiqishga tayyor emas

Bugun, 15 dekabrda Xitoyning Chjenchjou shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar hukumatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov hamda Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston bosh vazirlari ishtirok etdilar. 

Rustam Azimov ShHT faoliyatiga berilgan baholarni qo‘llab-quvvatlagan holda, uning qisqa vaqt ichida nufuzli va obro‘li xalqaro tashkilotga aylanganini ta'kidlab o‘tdi.

ShHTga a'zo davlatlarning umumiy sa'y-harakatlari bilan mintaqada baqarorlikni qo‘llab-quvvatlash, barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta'minlash, savdo, investitsion, transport-kommunikatsiya va gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda,

Ayni paytda ShHTda raislik qilayotgan O‘zbekiston tashkilotga a'zo barcha davlatlarning manfaatlariga javob beruvchi ko‘p rejali hamkorlikni izchillik bilan rivojlantirish tamoyillariga qat'iy amal qilish istagidadir. Shu munosabat bilan O‘zbekiston ShHTning konsensus tamoyiliga so‘zsiz amal qilishga katta ahamiyat qaratmoqda.

Yig‘ilishda O‘zbekiston nomidan so‘zga chiqqan Rustam Azimov bugungi kunda dunyo 2008 yilda boshlangan global moliyaviy-iqtisodiy inqirozning yangi bosqichiga duch kelayotganini, ko‘plab tovar va xom ashyo bozorlarida narxlarning tushayotgani, talabning kamayotgani va dunyoning barcha mintaqalarida iqtisodiy o‘sish sur'atlari pasayotganini qayd qilib o‘tdi. Natijada savdo va investitsiya hajmi kamaymoqda, kapital qaytishi oshmoqda.

Azimovning ta'kidlashicha, bu murakkab sharoitlarda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan islohotlarning o‘zbek modeliga tayangan holda, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqarorlik va muntazam o‘sishni namoyish qilmoqda.

O‘zbekiston YaIM o‘sishi 11 yildan beri har yili 8 foizdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.
O‘zbekistonda islohotlar dasturini amalga oshirish doirasida keyingi 5 yil ichida umumiy qiymati 60 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qiluvchi yangi yuqori texnologik ishlab chiqarishlar va neft-kimyo, kimyo, energetika, mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnik, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa sohalarda mavjud korxonalarni tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha 900 dan ortiq investitsion loyiha va qurilish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 300 dan ortiq loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Azimovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston ShHTga a'zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, sanoat mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish, o‘zaro savdoni rag‘batlantirish uchun maqbul sharoitlarni yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga, Rustam Azimovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston ShHT doirasida erkin savdo hududini yaratish masalasini ko‘rib chiqishga tayyor emas. Boz ustiga, ShHTning 2025 yilgacha rivojlanish strategiyasida hamkorlikning bu yo‘nalishi ko‘zda tutilmagan.

Azimovning aytishicha, O‘zbekiston ShHTga a'zo davlatlar bilan investitsion hamkorlikni tubdan rivojlantirish, o‘zaro manfaatli loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga umid bildirmoqda.

Azimovning ta'kidlashicha, real natijalarga erishishni ta'minlash maqsadida “ShHTning 2025 yilgacha rivojlanish strategiyasi”ni amalga oshirishni ta'minlash bo‘yicha aniq tadbirlarni qabul qilish va “yo‘l xaritalarini” ishlab chiqish muhim hisoblanadi.

Rustam Azimov O‘zbekiston ShHTga Hindiston va Pokistonning to‘laqonli a'zolar sifatida qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlashini aytib o‘tdi.

Top