17:23 / 15.12.2015
11476

Toshkentdagi ko‘p qavatli uylar, mahalla va mavzelarda tashqi kuzatuv kameralari o‘rnatiladi

2016 yil davomida Toshkent shahridagi mavjud ko‘p qavatli turar-joylar, mahalla va mavzelarda tashqi video-kuzatuv moslamalari o‘rnatiladi. Bu haqda 2015 yil 15 dekabr kuni Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilindi.

Shu yo‘l bilan video-kuzatuv moslamalarida qayd etilgan jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari tegishli idoralarni xabardor qilish va ular so‘roviga binoan elektron yozuv taqdim etiladi.

Video-kuzatuv moslamalarini o‘rnatish va ulardan foydalanish xizmati maxsus tashkil etilgan korxona va tashkilotlar, boshqaruv servis kompaniyalari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan har bir xonadon bilan tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan har bir tumanda tuman hokimining birinchi o‘rinbosarlari boshchiligida ishchi guruhi tuzilib,ko‘p qavatli uylarda, mahalla va mavzelarda video-kuzatuv moslamalari o‘rnatish ishlarini tashkillashtirish, 10 kun muddatda tashqi video-kuzatuv moslamalari o‘rnatish bo‘yicha aniq manziliy takliflarni shakllantirish, kameralarni joylashtirishda ko‘p qavatli uylarning kirish-chiqish hududlari (pod'yezdlari. – Kun.uz) mahalla va mavzelarning yo‘l va yo‘laklari to‘liq qamrab olinishiga diqqat qaratish va bu borada aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi topshirilgan.

Video-kuzatuv moslamalarining markazlashgan kuzatuv xonalari hudud profilaktika nozirlari xizmat xonalarida tashkil etiladi.

Brifingda video-kuzatuv moslamalarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish ishlari grantlar, tijorat banklarining kreditlari va aholi mablag‘lari evaziga amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Top