14:13 / 15.12.2015
11150

Xodorkovskiy: O‘zgarmas xokimiyatning yomonligi uning Putinligida emas

Rossiyalik muxolif siyosatchi, YuKOSning sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiy RBK nashriga bergan katta intervyusida unga qarshi ochilgan navbatdagi jinoiy ishga munosabatini bildirdi, shuningdek, Rossiya ichki siyosati bilan bog‘liq boshqa masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Xodorkovskiy bugungi Rossiyada muxolifatchilar duch kelayotgan xavf-xatarlar bilan o‘rtoqlashdi:
“Bugungi vaziyatda men va, o‘ylashimcha, hech kim Rossiyada muxolif jamoatchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan odamlarning xavfsizligini kafolatlashga qodir emas. Bu faoliyatni boshlagan odam o‘z gardaniga jiddiy xatarlarni oladi. Albatta, kelajakda, rejim o‘zgarganida ular ayrim imtiyozlarga ega bo‘ladi. Men faqat bitta narsani va'da qila olaman – hech kimni unutishmaydi. Agar odamlar qamoqqa tushsa, ularni unutishmaydi, bugungi hukumat ularni unutishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Bu bilan “Huquq himoyasi” loyihasi shug‘ullanmoqda. Lekin bundan ortig‘ini, bundan ortiq himoyani odamlarga va'da qilishning imkoni yo‘q. Men ham bunday xatarni 2003 yili o‘z bo‘ynimga oldim. Rossiya qaytsam qamalishimdan ogohlantirishgan edi. Shuning uchun 10 yil o‘tirib chiqdim”.

Xodorkovskiy Rossiyaning bugungi siyosatiga o‘zining keng sharhlarini berdi:
“Shubhasiz, Rossiya siyosiy va iqtisodiy elitasida bugun har xil odamlar bor, ular orasida oxirgi kunida yashayotgani kabi o‘zining butun siyosiy resursidan foydalangan holda oxirgi tiyingacha yeb qolishga intilayotganlari bor. Bularga misol Rotenberglardir. Ularning daromadlari kattaligida bu chaqalar ularga nega kerak, deb o‘ylaysiz. Lekin ular bundan voz kecha olmaydi. Nahang misol – agar tishlab olsa, qo‘yib yubormaydi, bo‘lak juda katta bo‘lsa, nafasi qaytib o‘lishi mumkin, lekin chiqarib tashlamaydi.

Lekin normal, yaxshi insonlar ham bor, ular boshqa vaziyatda raqib sifatida ochiq demokratik jamiyatda yashay olardi. Ular orasida Kudrin, Gref, Klyukayev, Nabiullinalarni aytib o‘tish mumkin. Bu insonlar raqobatbardosh, ular bilan birga ishlashimiz mumkin edi.
Mamlakat siyosiy jarayonlarni ta'minlab bera olmaydi. Negaki u muammolarga juda chuqur botib qoldi, boshqaruv tizimi yemirilmoqda. Iqtisodiy islohotlarni esa siyosiy islohotlarsiz o‘tkazib bo‘lmaydi. Barcha siyosiy islohotlar bugungi hokimiyatga jiddiy tahdid soladi. Bu bugungi rahbariyatni sovuq terga botiradi, shu bois janob Kudrinning imkoniyatlari va niyatlari amalga oshmay qoladi”.

“Bugun qonunchilik asosida hokimiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi, - so‘zida davom etdi siyosatchi. – Qonunchilik shunday shakllandiki, hokimiyatni qonuniy yo‘l bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi. Sizga “Yedinaya Rossiya” o‘n martalab yoqmasligi mumkin, LDPR yuz martalab yoqmasligi mumkin, lekin ularning muqobilini tanlashingizga yo‘l qo‘yishmaydi. Bu degani hokimiyat o‘zgarishi faqat qonunchilik doirasidan tashqariga chiqish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin. Qonunchilik doirasidan tashqariga chiqish esa inqilob deyiladi. Shu bois bunday qochib bo‘lmasligini aytgandim. Lekin inqilob yakunlariga ko‘ra normal demokratik jamiyatga ega bo‘lishimiz uchun siyosiy tajribaga ega odamlar hokimiyat tepasiga kelishi lozim. Bunday odamlarni tayyorlashning yagona yo‘li esa saylovlarda ishtirok etishdir”.

“O‘zgarmaydigan hokimiyatning yomon tomoni shundaki, bu hokimiyat Putindir. Hokimiyat o‘zgarmasligiga qaratilgan butun boshqaruv tizimi esa mamlakatni vayron qiladi. Masalan, ular Chechenistonda 104 foiz ovoz to‘plash uchun u yerda shariyatni joriy qilishiga rozi bo‘lamiz. Biz u qadar boy bo‘lmagan byudjyetimizni bir guruh odamlar o‘marishiga ruxsat berib, shu bilan ularning sadoqatini saqlab qolishga harakat qilamiz. Huquq-tartibot tizimiga aql bovar qilmas pullar sarflaymiz, undan mamlakatda jinoyatchilik darajasini tushirishni emas, Xudo ko‘rsatmasin, hokimiyat o‘zgarishni boshlaydigan lahzada qattiq qarshilik ko‘rsatishni talab qilamiz. Va bu narsalarga pul ketadi. Boshqa vaziyatda pul ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimlariga ketardi”, - xulosa qildi muxolif siyosatchi.

Top