16:56 / 16.12.2015
6761

NY Daily News: Qur'on bilan qasamyod qabul qilgan sudya amerikaliklarning g‘azabini qo‘zg‘atdi

Bruklinlik sudya Karolin Uolker-Diallo o‘z vazifasiga kirishishdan oldin Qur'on bilan qasamyod qabul qilgani sababli amerikaliklarning qahr-g‘azabiga duchor bo‘ldi. Bu haqda The New York Daily News gazetasi xabar qildi.

Qasamyod qabul qilish marosimi sokin o‘tgan, biroq ushbu jarayon tasvirlangan video internetda paydo bo‘lganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari noroziliklarini bildirishni boshladi.
Qayd etilishicha, Uolker-Diallo tarafdorlari uning xavfsizligidan xavotirga tushib qolishdi ham.

“Ko‘nglim ayniyapti. Biz Amerikada yashayapmizmi yoki Yaqin Sharqda?”- deb yozdi fuqarolardan biri tarmoqdagi videorolikka izoh berar ekan.
Boshqa foydalanuvchi esa AQShda musulmonlar g‘alabaga erishishga urinayotganini ma'lum qilgan.

Sudyaning o‘zi haqorat mazmundagi izohlarga javob qaytarmadi. Biroq o‘zining rasmiy saytida diniy e'tiqodi haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Xudoga shukur! Mening jamoam zimmamga ulkan mas'uliyat – sud zalida har kimning paydo bo‘lishi va tinglanishini ta'minlashni ishonib topshirganidan minnatdorman”, - dedi Uolker-Diallo o‘z tarafdorlariga.
Maqola mualliflarining yozishicha, Amerika konstitutsiyasida sudya lavozimini egallashni istagan har bir inson o‘z masu'liyatlari to‘g‘risida qasamyod qabul qilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan.

Biroq unda sudyaning qaysidir diniy matn bilan bu ishni amalga oshirishi ko‘rsatilmagan.

Top