15:41 / 17.12.2015
2715

Iroqda garovga olingan qatarlik ovchilar guruhi orasida 1 nafar kuvaytlik borligi ma'lum bo‘ldi

Iroq janubida noma'lum shaxslar tomonidan garovga olingan qatarlik ovchilar guruhi orasidagilarning biri Kuvayt fuqarosi ekani ayon bo‘ldi. Bu haqda Kuvayt TIV rahbari o‘rinbosari Xolid al-Jaralla ma'lumot berdi.

"Qatarlik va iroqlik birodarlarimiz bilan hamkorlikda Iroq hududida garovga olingan vatandoshimizni ozod qilish ishlarini olib bormoqdamiz", deya vazirlik vakilining so‘zlarini keltiradi Al Anaba nashri.

Biroz oldinroq, 16 dekabr kuni Iroq hududida jangarilar qo‘liga asirlikka tushgan 26 nafar qatarlikdan 9 nafari ozod qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ulardan biri jarohatlangan holda Qatarga yetib kelgan.

Qatarliklarning mamlakat janubidagi Najaf sahrosida garovga olingani haqida Iroqning Mutanna viloyati gubernatori Falah az-Ziyadi As Sumaria telekanali orqali ma'lum qilgandi.

Bu hodisa Bag‘dod shahridan 280 km janubi-g‘arbdagi As-Samava shahri yaqinida yuz bergan. Uning qayd etishicha, Iroq TIV bu qatarliklar guruhiga mamlakat hududida ov qilish huquqini bergan, shuningdek ularni mavjud xatarlar to‘g‘risida ogohlantirgandi.

Ko‘p o‘tmasdan Qatar TIV bu haqdagi ma'lumotni tasdiqladi, lekin garovga olingan qatarliklar soniga aniqlik kiritmadi.

OAVda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, garovga olingan ovchilar guruhi orasida Qatar qirollik oilasining vakillari ham bo‘lgan.

Top