23:22 / 17.12.2015
12090

Mourinoning hayotidagi eng yomon mavsum. Uning haydalishiga kimlar sababchi bo‘ldi?

Bugun, 17 dekabr kuni Londonning "Chelsi" jamoasi rahbariyati qoniqarsiz natijalar tufayli 6 oy muqaddam jamoaga o‘tgan mavsum chempionligini olib bergan bosh murabbiy Joze Mourinoga chiqish eshiklarini ko‘rsatdi.

Holbuki uning o‘zi jamoani tushkunlik vaziyatidan chiqarib, natijalarni yaxshilashga va'da berayotgan, "Chelsi" bilan 10 yillik sharnoma tuzishni istashi haqida aytgan edi.

Quyida uning muvaffaqiyatsizliklari yo‘lini eslab, o‘tgan mavsum chempioni bo‘lgan "Chelsi"ning qay tariqa va qanday sabablarga ko‘ra turnir jadvalining quyi qismiga tushib qolganiga javob izlab ko‘ramiz.

O‘zining xarizmatik xususiyatlari bilan "Special One" laqabini olgan murabbiy mavsumdagi har bir mag‘lubiyatdan keyin bergan intervyusida o‘ziga xos vaj-korsonlarni keltirib o‘zini va jamoani oqlashga harakat qilgan.

Tan olish kerakki, uning ba'zi fikrlarida jon bor edi.

2 avgust, «Arsenal» – «Chelsi» 1:0 (Angliya Superkubogi)

Angliyaning o‘tgan mavsumgi chempioni "Chelsi" 2015 yilgi Angliya Kubogi sohibi "Arsenal"ga qarshi Angliya Superkubogi uchun maydonga tushdi va mavsumni mag‘lubiyat bilan boshladi.

"Bugungi o‘yinda yaxshi o‘yin ko‘rsatgan jamoa yutqazdi. Chunki raqib futbolchilari o‘z darvozasiga qatorlashib joylashib oldi va bizga gol urishga imkon qoldirmadi"

8 avgust. «Chelsi» –  «Suonsi» 2:2 (APL, 1-tur)

"Chelsi"da 1-tur o‘yinidanoq muhit darz ketdi. Uelsliklarga qarshi o‘yin davomida Eden Azar maydonga yiqildi. Jamoa shifokori Yeva Karneyro murabbiydan ruxsat so‘ramasdan futbolchiga yordam ko‘rsatish uchun maydonga chopib ketdi, murabbiy esa uning ortidan baqirgancha qoldi. Mourino o‘yinda kerakli natija qayd etilmay turgan vaqtda vaqtni cho‘zishni xato deb hisoblagandi.
Shundan so‘ng, uning tashabbusi bilan Yeva Karneyro jamoadan ketkazildi. U hozirgacha Mourino bilan sudlashish jarayonida.
Uning ketishi jamoa futbolchilarining noroziliklariga sabab bo‘ldi...

16 avgust. «Manchester Siti» – «Chelsi» 3:0 (APL, 2 tur)

"Birinchi taymda g‘alaba qozongan jamoa g‘alabaga erishdi. Ikkinchi taymda esa "Chelsi" yaxshiroq o‘ynadi. Hisob 3:0 bo‘lganiga chalg‘imang. "Manchester Siti"ning yarim himoyasida muammolar bor. Ularning bir futbolchisini maydondan haydash kerak edi. Men jamoaning ikkinchi taymda ko‘rsatgan o‘yinidan qoniqish hosil qildim, lekin bu g‘alaba uchun yetarli emas".

29 avgust. «Chelsi» – «Kristal Pelas» 1:2 (APL, 4 tur)

"Biz bu o‘yinda g‘alabaga munosib edik. Lekin hakam g‘alaba qozonishimizga yo‘l bermadi. U o‘yinda hisob 0:0 ko‘rinishida ekanida bizning foydamizga penalti belgilamadi. Shu bilan birgalikda, o‘z shogirdlaridan ham noroziman. Jamoa 11 kishidan iborat bo‘ladi, lekin bugun 11 futbolchimiz ham jon kuydirib o‘ynamadi".

12 sentabr. «Everton» – «Chelsi» 3:1 (APL, 5-tur)

"Biz bu o‘yinda yaxshiroq natijaga munosib edik. Hozir futbolchilarim o‘ziga ishonmagan holda harakat qilmoqda. Barchasi bizga qarshi. Hujumchilarimiz gol urishni unutishgan. Hujumchi tanasining istalgan joyi bilan gol uraverishi kerak. Muhimi gol. Agar u chiroyli zarba berib, to‘pni aylantirib darvoza ustuniga tekkizsa, bu yomon. Buning tarixi uzun"

29 sentabr. «Portu» – «Chelsi» 2:1 (YeChL)

"Shunday holatki, butun o‘yinda vaziyatni nazorat qildik, lekin kulguli tarzda gollar o‘tkazib yubordik. Jamoa umumiy planda yaxshi o‘ynadi, lekin 2ta xato qimmatga tushdi".

3 oktabr. «Chelsi» – «Sautgempton» 1:3 (APL, 8-tur)

"Hakamlar "Chelsi" foydasiga qaror qabul qilishdan qo‘rqishdi. Futbolchilarimiz va muxlislarimizga nisbatan adolatsizlik bo‘ldi. O‘sha vaziyatda penalti berilishi muhim edi, jamoa endigina muvaffaqiyatsiz startdan o‘nglana boshlagandi".

24 oktabr. «Vest Hem» – «Chelsi» 2:1 (APL, 10-tur)

Mourino bu o‘yin vaqtida hakamlarga bosim o‘tkazishda ayblanib, maydon hududidan chiqarib yuborildi. U o‘yindan keyin bu vaziyat hamda o‘yin bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi.

27 oktabr. «Stok Siti» – «Chelsi» 1:1, penaltilar bo‘yicha – 5:4, (Angliya Ligasi Kubogi)

"Avvaliga 0:1 hisobida yutqazayotgandik. Tajribali raqibga qarshi bunday holatda o‘ynash qiyin. Jamoa qo‘lidan kelganicha harakat qildi. Biz gol urish uchun urinaverdik, urinaverdik va gol ham urdik. Lekin bittadan ortiq emas. Bugungi natija biz qanday natijaga munosib bo‘lsak, shunday bo‘ldi".

31 oktabr. «Chelsi» – «Liverpul» 1:3 (APL, 11-tur)

"Men sizga hech narsa aytmayman".

7 noyabr. «Stok Siti» – «Chelsi» 1:0 (APL, 12-tur)

Mourino bu o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yubordi va serial tomosha qilish bilan mashg‘ul bo‘ldi.

5 dekabr. «Chelsi» – «Bornmut» 0:1 (APL, 15-tur)

"Bizning yutqazishimiz adolatsizlik bo‘ldi. O‘yin hakami ochiqchasiga xatolar qildi. O‘ylaymanki, himoyachilar o‘z jarima maydonlarida qo‘l bilan o‘ynaganlarida penalti belgilanishi kerak. "Bornmut" o‘z uslubida "aqlli" o‘yin ko‘rsatdi. Lekin ba'zida bunday o‘yinni "feyr-pleydan xoli o‘yin" ham deyishadi. Ular hech qayoqqa shoshilishmadi va juda ko‘p vaqtni suv ichishga sarflashdi. Bunaqasi basketbol o‘yinidagi taym-autlardan ham battar".

"Chelsi" ayni vaqtda 16 turdan keyin 15 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida 16 o‘rinda turibdi. Jamoani "xavfli hudud"dan 1 ochko, "kuchli to‘rtlik"dan esa 14 ochko ajratib turibdi. "Chelsi" Angliya Ligasi Kubogini tark etib bo‘lgan. Jamoa YeChLda ham guruhdan qiynalib chiqqan.

Top