23:05 / 17.12.2015
10318

NYT: Putin va Tramp o‘rtasida do‘stona munosabatlar boshlandi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donald Trampni AQSh prezidenti lavozimiga nomzodlar o‘rtasida yetakchi ekanligini aytgandan keyin ikki siyosatchi o‘rtasida bromans, ya'ni ikki erkak o‘rtasidagi yaqin do‘stona aloqalar boshlandi, deb yozdi The New York Times nashri.

“Ulardan biri harbiy usullar bilan mustahkamlanib olmoqchi bo‘lgan yirik davlat yetakchisi. Ikkinchisi “Amerikani yana buyuk” qilmoqchi. Bularning ikkisi orasida ikki davlat o‘rtasidagi tang munosabatlarni yengib o‘tuvchi bromans vujudga kelmoqda”, deb yozmoqda gazeta.

Gazeta sharhlovchisining fikricha, Tramp Putinning “fanati” hisoblanadi: u Moskvaning Suriyadagi harbiy operatsiyasini ma'qullamoqda va Putinni Barak Obamadan kuchliroq yetakchi deb atamoqda.

“Putin va Trampning bir-biriga tasanno aytishining ajablanarli tomoni yo‘q, chunki janob Tramp o‘zining butun prezidentlik kampaniyasi davomida qattiqqo‘llikka urg‘u bermoqda. Xokkey o‘ynaydigan dzyudo bo‘yicha mutaxassis, yalang‘och badan bilan otda yuruvchi janob Putin o‘z atrofida shunday obraz yaratmoqda”, deb yozmoqda gazeta.

Avvalroq Putin Trampni prezidentlik poygasi yetakchisi, “yorqin va iste'dodli” odam deb atagandi.

Top