12:27 / 17.12.2015
2650

OAV: Iroqda garovga olingan 26 nafar qatarlikdan 9 nafari ozod qilingan

16 dekabr kuni Iroq hududida jangarilar qo‘liga asirlikka tushgan 26 nafar qatarlikdan 9 nafari ozod qilingan. Bu haqda Al Arabia telekanali xabar berdi.

Manbaning yozishicha, ozod qilinganlar Qatarga qaytib kelgan.

Qatarliklarning mamlakat janubidagi Najaf sahrosida garovga olingani haqida Iroqning Mutanna viloyati gubernatori Falah az-Ziyadi As Sumaria telekanali orqali ma'lum qilgandi.

Ma'lum qilinishicha, bu hodisa Bag‘dod shahridan 280 km janubi-g‘arbdagi As-Samava shahri yaqinida yuz bergan. Uning qayd etishicha, Iroq TIV bu qatarliklar guruhiga mamlakat hududida ov qilish huquqini bergan, shuningdek ularni mavjud xatarlar to‘g‘risida ogohlantirgandi.

Ko‘p o‘tmasdan Qatar TIV bu haqdagi ma'lumotni tasdiqladi, lekin garovga olingan qatarliklar soniga aniqlik kiritmadi.

Qatar hukumati o‘z fuqarolarini ozod qilish uchun Iroqdagi aloqalarini ishga solishi haqida ma'lum qilgandi.

OAVda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, garovga olingan ovchilar guruhi orasida Qatar qirollik oilasining vakillari ham bo‘lgan.

Asirlikda qolayotgani gumon qilingan boshqa qatarliklarning taqdiri qay tariqa kechgani haqida aniq ma'lumotlar yo‘q.

Top