14:55 / 17.12.2015
4490

Xitoy qora materiyani o‘rganish uchun o‘zining ilk sun'iy yo‘ldoshini koinotga uchirdi

Qora materiya sirlarini o‘rganish uchun Xitoy o‘zining ilk sun'iy yo‘ldoshini koinotga uchirdi. Bu haqda 17 dekabr kuni Sinxua agentligi xabar qildi.
Parvoz mamlakat shimoli-g‘arbidagi Gansu provinsiyasida joylashgan Tszyutsyuan kosmodromida Changzheng-2D raketa tashuvchisi yordamida amalga oshirilgan.

DAMPE (Dark Matter Particle Explorer) sun'iy yo‘ldoshi 500 kilometr balandlikdagi quyosh-sinxron orbitaga chiqib, koinotdagi katta energiyali zarrachalarni kuzatadi.
Dastlabki ikki yil davomida uskuna barcha koinot kengliklarini o‘rgansa, shundan so‘ng kosmosning, olimlar fikricha, qora materiya bo‘lishi ehtimoli mavjud qismlariga yuzlanadi.

Sun'iy yo‘ldosh yuborgan ma'lumotlarni Yerdagi yuzlab mutaxassislar o‘rganib boradi. Tadqiqotlarning dastlabki natijalari esa 2016 yilning ikkinchi yarmidan e'lon qilinishi kutilmoqda.
Qora materiya o‘zidan elektromagnit nurlanishlarni taratmaydi, shuning uchun uni bevosita kuzatishning imkoni yo‘q.

Biroq u sayyoralar, yulduzlar va galaktikalar harakatini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan gravitatsion ta'sir kuchiga ega.
Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, qora materiya “odatdagi”dan to‘rt barobar kattaroq.

Top