11:41 / 18.12.2015
2997

Nyu-York shtati deputatlari Donald Tramp bog‘ining nomini o‘zgartirmoqchi

Nyu-York shtati parlamenti milliarder Donald Tramp ismi bilan ataladigan bog‘ nomini o‘zgartirmoqchi. Bunday chora uning saylovoldi poygasida ko‘plab chiqishlaridan birida ksenofob ruhdagi bayonotlarga yo‘l qo‘yib, musulmonlarni mamlakatga kiritmaslikni taklif qilishi bilan bog‘liq.

Senator Deniyel Skuadron va Nyu-York qonunchilik assambleyasi a'zosi Charlz Lavinlar bergan ma'lumotga qaraganda, Tramp “uning nomi bilan bog‘ atalishiga munosib emas”. Ular qonun loyihasini tez orada tayyorlab, shtat parlamenti muhokamasiga kiritmoqchi.

Donald Tramp nomidagi bog‘ hududi 1.76 kv km hududni egallab, u Uestchester okrugida joylashgan. Milliarder 90-yillarda uni 2 mln dollarga xarid qilgan, ammo shtat ma'muriyatidan u yerda golf maydoni yaratishga ruxsat ololmagan. 2006 yili u bog‘ni Nyu-Yorkka sovg‘a qilgan, bunda uning narxini 100 mln dollarga baholagan.

Bu tortiq unga soliqlarni yengillashtirish borasida ulkan imtiyozlar berilishiga omil bo‘lgan. 2010 yili bog‘ mablag‘ yetishmovchiligi tufayli yopib qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, xurmacha qiliqlari bilan mashhur bo‘lgan Donald Tramp oxirgi bayonotlaridan birida, agarda prezidentlik mansabiga chiqsa, musulmonlarning mamlakat hududiga kirishini taqiqlashini ma'lum qildi. Uning bu so‘zlari ko‘pchilik ijtimoiy ahamiyatga molik shaxslar va tashkilotlar tomonidan keskin tanqid ostiga olindi.

Top