07:27 / 19.12.2015
9322

AQSh prezidenti Erdo‘g‘anni Iroqdan qo‘shinlarni olib chiqib ketishga chaqirdi

AQSh prezidenti Barak Obama telefon orqali suhbatda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni Iroqdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga chaqirdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati ma'lum qildi. 

“Barak Obama Erdo‘g‘anni Iroq bilan keskinlikning avj olishiga barham berish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishga, jumladan turk qurolli kuchlarining olib chiqib ketilishiga chaqirdi hamda Turkiya tomonidan Iroqning hududiy butunligi va daxlsizligi hurmat qilinishi lozimligini tasdiqladi”, deyilmoqda xabarda.

Ikki davlat yetakchisi AQSh, Turkiya va Iroqning diplomatik sa'y-harakatlarini keskinlikni kamaytirish va IShIDga qarshi harbiy harakatlarni muvofiqlashtirish uchun birlashtirishga kelishib oldilar. Obama Turkiyaning IShIDga qarshi kurash va o‘rtamiyona Suriya muxolifatini mustahkamlash muhimligini ta'kidlab o‘tdi.

4 dekabrda turk askarlari bataloni Iroqning shimolida, IShID tomonidan bosib olingan Mosul yaqinida joylashtirilgani ma'lum bo‘lgandi. Erdo‘g‘anning aytishicha, turk harbiylari Boshiq lagerida Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiyning 2014 yildagi iltimosi bilan joylashtirilgan. Turk harbiylari missiyasidan rasmiy maqsad terrorchilarga qarshi kurash uchun mahalliy ko‘ngilli askarlarni tayyorlashdan iborat.

Top