17:32 / 19.12.2015
12656

IIV: Toshkent IIBB yaqinida portlovchi modda o‘rnatilgan mashina qoldirilgani haqidagi mishmishlar asossiz

Toshkent IIBB yaqinida portlovchi modda o‘rnatilgan mashina qoldirilgani haqidagi mishmishlar haqiqatga mos kelmaydi. Bu haqda O‘zbekiston IIV terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik U. Murodov ma'lumot berdi.

“Shu faktni qayd qilib o‘tmoqchimanki, umuman va xususan olganda mamlakatdagi vaziyat biror-bir asosli xavotirga sabab bo‘lishi mumkin emas, chunki kriminogen vaziyat darajasi ishonchli nazorat ostida bo‘lib turibdi.

Vatandoshlarimiz va qadimgi mehmondo‘st zaminimiz mehmonlarini tinchlantirmoqchiman – huquq-tartibot organlari aholi, mahalla faollari, yoshlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, huquqni va odamlarning farovonligini hech kim buzmasligi uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilmoqda.

Poytaxtda, Toshkent shahar IIBBga yaqin hududda kimdir IShID bayrog‘ini osib ketgani va go‘yoki avtoturargohda portlovchi modda o‘rnatilgan mashinaning topilgani haqidagi mishmishlar, aytish mumkinki, g‘iybatlar o‘z harakatlari bilan tahlika va qo‘rquv keltirib chiqarayotganini tushunmayotganlar tomonidan tarqatilmoqda”, - ta'kidladi u.
“Bunday mishmishlar asossiz, ular jamoatchilikka qarshi qaratilgan va qat'iyan bartaraf qilinadi”, - qo‘shimcha qildi huquq-tartibot xodimi.

Shuningdek, U. Murodov, vaziyatdan foydalangan holda, fuqarolarga murojaat qilib, ularni provokatsiyalarga uchmaslikka, bu kabi mishmishlarga e'tibor bermaslikka chaqirdi.

Top