22:38 / 21.12.2015
15144

«O‘zavtosanoat» AK mahsulotlari Shimoliy Afrika va Fors ko‘rfazi davlatlariga eksport qilinadi

9—11 dekabr kunlari Italiya-O‘zbekiston savdo palatasi prezidenti Luiji Iperti va Turin shahri Savdo-sanoat palatasi tashqi iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i Kristian Avantsi rahbarligidagi Italiya biznes-missiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Toshkentga kelgan Italiya delegatsiyasi «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasida bo‘lib, boshqaruv raisi o‘rinbosari Qobil Azimov bilan uchrashgan.

Mehmonlar «O‘zavtosanoat» rahbariyati bilan kelgusidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilishgan, o‘z takliflarini bildirishgan hamda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar hajmi haqida bilib olishgan.

2015 yilning 9 oyida «O‘zavtosanoat» AK tomonidan ishlab chiqarilgan:
- yengil avtomobillar – 148,8 ming dona;
- ISUZU avtobuslari – 679 dona;
- ISUZU yuk mashinalari – 2562 dona;
- MAN yuk mashinalari – 1104 dona;
- akkumulyatorlar – 420,6 ming dona;

«O‘zavtosanoat» 2014 yilda ishlab chiqarilgan 245,7 mingta yengil avtomobilning 55 mingtasini eksport qilgan.

Doimiy ravishda «O‘zavtosanoat» AK korxonalari mahsulotlarini sotish uchun yangi bozorlar qidirib topish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Qayd etish kerakki, bugungi kunda «O‘zavtosanoat» mahsulotlariga Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Ukraina, Belarus, Indoneziya, Braziliya, Turkiya va Koreya respublikasi bozorlarida talab katta.

Kompaniya rejalarida eksport yo‘nalishlarini Shimoliy Afrika mamlakatlari va Fors ko‘rfazi davlatlari hisobiga kengaytirish ham bor.

Top