14:52 / 21.12.2015
4705

Toshkentda mast holda mashinaga o‘g‘rilikka tushgan shaxs ulov egalari tomonidan qo‘lga olindi

Toshkentda mast holda mashinaga o‘g‘rilikka tushgan shaxs ulov egalari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda “Ogoh” nashri yozmoqda.

Aytilishicha, Miraziz Mirolimov ismli shaxs 2015 yilning 11 sentabr kuni Chilonzor tumanidagi Bunyodkor ko‘chasiga Captiva mashinasida kelib, ukasi Ravshanni kutib turgan. Ukasi hadeganda kelavermagach, do‘kon ichiga aylangani kirib ketgan.

Bir muddatdan so‘ng ukasi qo‘ng‘iroq qilib, mashina eshigini pultda ochib yuborishini, hujjatlarini ichkariga tashlab qo‘yishini aytgan. Mashina ochilgan, hujjatlarni solgan ukasi do‘konga kirib, akasi bilan salomlashgan. Lekin shunda Miraziz pulda eshikni qulflashga harchand urinmasin, eshik qulflanmagan.

Xavotir bo‘lib, aka-ukalar ko‘chaga chiqishgan va notanish kimsa mashina eshigini ochib, salon ichini titkilayotganini ko‘rishgan. Ularning hayqirishini eshitgan o‘g‘ri qocha boshlagan, lekin sirpanib yiqilib tushgan. Mirolimovlar uni qo‘lga olishgan va militsiyaga topshirishgan.

Aniqlanishicha, bu 1982 yilda tug‘ilgan Rustam Ismatov ekan. Muqaddam sudlangan bu shaxs mast holda ko‘chada aylanib yurib, mashina eshigi ochiq qolganini ko‘rgan va uning ichidagi moddiy qimmatliklarni o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan. Lekin vaqtida ko‘chaga chiqqan mashina egalari uni ushlashga muvaffaq bo‘lgan.

Top