08:49 / 22.12.2015
7813

KXShT IShIDning faollashuvi sababli Markaziy Osiyoga nisbatan tahdidlar ortayotganini qayd qildi

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari butun insoniyat uchun xavf soluvchi IShID terrorchilik guruhi faoliyatiga qat'iy qarshi turish ustuvor vazifa ekanligini aytmoqdalar.

Davlatlar yetakchilari Markaziy Osiyodagi xavfsizlikka tahdidlarning ortayotganini qayd qildilar.

“Afg‘onistonda IShID, “Tolibon”, “Al-Qoida” va boshqa terrorchilik guruhlari faollashuvi ortishi bilan bog‘liq tahdidlarning ortishi KXShT javobgarligidagi hududlardagi vaziyatga beqarorlashuv bilan bevosita tahdid qilib, tashkilotning janubiy sarhadlarida keskinlikning avj olishiga olib keladi”, deyilmoqda xabarda.

KXShT barcha davlatlarning terrorchilik guruhlari, avvalambor IShID bilan iqtisodiy aloqalarga aralashgan barcha tashkilot va shaxslarni aniqlash uchun javobgar ekanliklarini ta'kidlab o‘tdi.

“Ishonchimiz komilki, terrorchilikka qarshi samarali kurash uni moliyalashtirish manbalarini to‘sib qo‘ymasdan iloji yo‘q. Shu munosabat bilan biz BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan 2015 yil 17 dekabrda qabul qilingan, terrorchilikni moliyalashtirishga qarshi kurash bo‘yicha rezolyutsiyaning qabul qilingani va undagi barcha davlatlarni IShID, “Al-Qoida” va ular bilan bog‘liq barcha shaxs, guruh va tashkilotlarga nisbatan zaruriy choralar ko‘rishga chaqiruvni ma'qullaymiz”, deyilmoqda hujjatda.

Bayonotda, shuningdek, KXShT xalqaro terrorchilik va mintaqaviy ekstremizm g‘oyalariga qarshi kurash bo‘yicha kompleks choralarni yanada kuchaytirishga katta ahamiyat berayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

KXShT 2002 yilda ta'sis etilgan, hozirda unga 6 ta davlat: Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston kiradi. Bu tashkilotga avval O‘zbekiston ham kirgan, biroq 2012 yil dekabridan uning bu tashkilotdagi ishtiroki to‘xtatilgan.

Top