11:30 / 22.12.2015
4628

O‘zbekistonda yong‘inlar sodir bo‘lishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 49 foizga kamaygan

20 noyabrdan 20 dekabrga qadar O‘zbekistonda yong‘in xavfsizligi oyligi o‘tkazildi.

Oylik davomida aholi, korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilari o‘rtasida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, yong‘inlarning oldini olish borasidagi zarur chora-tadbirlar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. 235 bino va inshoot yong‘in haqida avtomatik ravishda xabar beruvchi moslama bilan jihozlandi.

"Tashkilot va muassasalarda 41 mingdan ziyod yong‘in xavfsizligi burchagi tashkil etildi. Yong‘inni o‘chirish bilan bog‘liq 4 mingga yaqin ko‘rgazmali mashg‘ulot o‘tkazildi", deyiladi O‘zA xabarida.

Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan oylik davomida 1,4 millionga yaqin aholi turar joylarining yong‘inga qarshi holati tekshirildi. Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzayotgan va davlat yong‘in nazorati organlarining yozma ko‘rsatmalarini bajarmayotgan o‘n mingga yaqin mas'ul shaxs tegishli tartibda ma'muriy javobgarlikka tortildi. 10 mingga yaqin rahbar va javobgar shaxs intizomiy jazo olgan bo‘lsa, 30 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Ko‘rilayotgan choralar va amalga oshirilgan tadbirlar natijasida yong‘inlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 49 foizga, fuqarolarning tan jarohati olishi 74 foizga kamayishiga erishilgan.

Top