23:15 / 23.12.2015
4197

Guus Xiddink «Chelsi»ga qaytishidan keyingi dastlabki matbuot anjumanida savollarga javob berdi

«Chelsi» jamoasining yangi bosh murabbiyi Guus Xiddink o‘zining dastlabki matbuot anjumanida ishtirok etdi.

«Mavsum o‘rtasida men bu yerda bo‘lmasligim kerak edi. Demak, klubning ishlari yaxshi kechmayapti. Lekin har qanday holatda ham jamoaga qaytganimdan xursandman. Bir necha yil avval shunga o‘xshash holatda bu yerga kelgandim.

Jamoa chempionlikni qo‘lga kiritganidan keyin navbatdagi mavsumda hamisha qiynaladi. Jamoa bo‘shashadi, uni uyg‘otish kerak bo‘ladi. Men bu yerga muammoni hal etish uchun keldim.

Dide Drogbaning murabbiylar shtabiga kiritilishi haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, men u bilan 5-6 yil birga ishlaganman. Jamoamda shunday profesional futbolchi bo‘lganidan xursandman. U «Chelsi» afsonasi. Lekin u hozir «Monreal» futbolchisi hisoblanadi.

Yanvarda transferlar? Avval yaqin kunlardagi o‘yinlarni o‘tkazib olaylik. Eshiklar hamisha ochiq, ammo men avval bir nechta o‘yinlar o‘tkazishni istayman.

Mashg‘ulot va o‘yinlarda futbolchilarning qanday ishlayotganini baholashni istayman. Mengacha tarqalgan ma'lumotlar men uchun qiziq emas. O‘yinchilar nimalarga qodirligini menga isbotlashlari kerak.

Men ular bilan bir necha kundan beri ishlayapman. Biz ikki marta mashg‘ulot o‘tkazdik. Jamoa yetakchilarida motivatsiya bilan bog‘liq muammo borligini sezmadim. Shuning uchun shikoyat qilmayman.

Kuchli to‘rtlikka kirish imkoniyati? Matematik jihatdan imkoniyat bor. Ammo bu bu kuchli liga, ayniqsa bu narsa ushbu mavsumda sezilmoqda. «Lester», «Kristal Pelas», «Uotford» kabi jamoalar jadvalning yuqori qismida bormoqda. Bu hayratlanarli natija. Demak, har qanday jamoa har bir jamoani mag‘lub eta oladi.

Mourino? So‘nggi yillarda u aqlbovar qilmas natijalarni qo‘lga kiritdi. U ko‘p sovrinlarni yutdi. Lekin futbolda har qanday hodisa ro‘y berishi mumkin. Meni taklif qilishgani uchun jamoaga keldim.

Eden Azar o‘tgan mavsumda ajoyib mavsumni o‘tkazdi. Shu bois ushbu mavsumda uning o‘yinida pasayish yuz bergani hayron qolarli narsa emas. O‘ylaymanki, u Belgiya terma jamoasining asosiy tarkib o‘yinchisi va sardoriga aylana oladi. Shuningdek, u bu yerda ham muhim o‘yinchiga aylanishi mumkin.

Mavsum yakunlanganidan keyin «Chelsi»dagi ishimni davom ettirishim mumkinmi? Hozircha maygacha ishlash bo‘yicha kelishganmiz. Keyinchalik ko‘ramiz», – dedi Xiddink.

Top