20:42 / 23.12.2015
6544

Kontsert chiptalari narxiga qo‘yilgan cheklov olib tashlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi “Kontsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 354-sonli qaroriga muvofiq, estrada tadbirlari chiptalari narxining cheklangan darajasi bekor qilindi.

Bu haqda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi: kecha va bugun” mavzusidagi matbuot anjumanida “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining bosh direktor o‘rinbosari Murodjon Majidov ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyundagi “Estrada qo‘shiqchilik san'atini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi 272-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi Nizomining «O‘zbeknavo» estrada birlashmasining huquqlariga bag‘ishlangan 3.1 bandidagi “turli estrada tadbirlari uchun chiptalar narxining cheklangan darajasini belgilaydi” xatboshisi o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblandi.

Yangi tartibga ko‘ra, endilikda turli estrada tadbirlari uchun savdoga chiqarilgan chiptalar narxi tashkilotchilar tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, chiptalarning orqa tomoniga tadbir o‘tadigan binoga olib kirish mumkin bo‘lmagan buyumlar haqida ma'lumot berish ham joriy etildi.

Top