12:00 / 23.12.2015
1967

Shkrtel "Liverpul"ga oyog‘idagi jarohat tufayli Boxing day vaqtida yordam bera olmaydi

"Liverpul"ning slovakiyalik himoyachisi Martin Shkrtel o‘zining jarohati qay darajada og‘irligi haqida Instagram tarmog‘idagi sahifasi orqali ma'lum qildi.

"Men mish-mishlarda tarqalayotganidek 3 oyga safdan chiqmadim. Oyog‘imning son qismidagi mushakda uzilish yuzaga kelgan. Men 6 hafta maydonga tusha olmayman. Tezroq tiklanish va safga qaytish uchun chin yurakdan ishlayman va bor kuchimni ishga solaman", – deya yozgan Shkrtel.

31 yoshli bu futbolchi Angliya chempionatining 17 turi doirasida "Uotford"ga qarshi uchrashuv vaqtida jarohatlangandi.

Endi ma'lum bo‘ldiki, u Angliya chempionatining eng shiddatli bahslari kechadigan davrni o‘tkazib yuboradi. Ya'ni u 26 dekabrdan 2 yanvargacha davom etadigan Boxing day haftasida jamoasiga yordam bera olmaydi (Bu hafta tig‘iz kechib, jamoalar bir haftada 3ta o‘yin o‘tkazishadi - tahririyat izohi). Bu vaqt ichida "Liverpul" "Lester"ga qarshi o‘z maydonida, "Sanderlend" va "Vest Hem" jamoalariga qarshi safarda maydonga tushadi.

Shkrtel shuningdek, jamoasining Angliya kubogi doirasida 5 yanvar kuni o‘tkaziladigan "Stok Siti"ga qarshi o‘yinini, APL doirasidagi "Arsenal" (13 yanvar) hamda "Manchester Yunayted" (17 yanvar) jamoalariga qarshi o‘yinlarini ham o‘tkazib yuboradi.

Ayni vaqtda "Liverpul" 17 turdan keyin 24 ochko to‘plagan holda turnir jadvalining to‘qqizinchi pog‘onasidan o‘rin egallab turibdi. Mersisaydliklar birinchi o‘rindagi "Lester"dan 14 ochko, YeChL yo‘llanmasini taqdim etuvchi "kuchli to‘rtlik"da to‘rtinchi o‘rinni egallab turgan "Tottenhem"dan 5 ochko ortda qolmoqda.

Top